«Meta» bolalarga zarar bo‘yicha sud da’volaridan himoya yo‘llarini izlamoqda
«Meta Platforms» kompaniyasi AQSh Kongressida ijtimoiy tarmoqlar orqali voyaga yetmaganlarga yetkazilgan ehtimoliy zarar bo‘yicha da’volardan huquqiy immunitet berish tashabbusini ilgari surayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Reuters» agentligi manbalar va qonunchilik loyihasiga tayanib xabar qildi.
Gap AQSh Senatida ko‘rib chiqilayotgan «Bolalarning onlayn xavfsizligi» qonun loyihasi haqida ketmoqda. Taklif qabul qilinsa, bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq minglab sud ishlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirda «Meta» va «YouTube» yosh foydalanuvchilar hamda ularning oilalari tomonidan qo‘zg‘atilgan ko‘plab da’volarga duch kelmoqda.
«Meta» vakili Stefani Otveyning ta’kidlashicha, taklif mavjud sud ishlarini bekor qilish yoki kompaniyalarga to‘liq immunitet berishni nazarda tutmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad bolalarning onlayn xavfsizligi bo‘yicha yagona milliy standartlarni shakllantirishdan iborat.
«Reuters» ko‘rgan taklifga muvofiq, onlayn platformalar 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning xavfsizligi va maxfiyligi bilan bog‘liq ayrim da’volar bo‘yicha shtat qonunlari asosida javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Bu tashabbus huquqshunoslar va jamoat tashkilotlari orasida bahslarga sabab bo‘ldi. Amerikaning Sud adliyasi assotsiatsiyasi vakili Juliya Dunkan bunday norma qabul qilinsa, bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab sud ishlari o‘z kuchini yo‘qotishi mumkinligini bildirdi.
Manbalarga ko‘ra, «Meta» mazkur normani qonunga kiritish evaziga «Kids Online Safety Act» loyihasiga bo‘lgan qarshiligidan voz kechishga tayyorligini bildirgan. Biroq qonun mualliflaridan biri bo‘lgan senator Marsha Blekbern bunday taklifni ko‘rmaganini va uni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi.
Qonun loyihasi ijtimoiy tarmoq kompaniyalarini bolalar uchun zararli bo‘lishi mumkin bo‘lgan funksiyalar bo‘yicha ehtiyot choralarini kuchaytirishga majburlaydi. Ular qatoriga cheklanmagan lenta, doimiy xabarnomalar va tashqi ko‘rinishni o‘zgartiruvchi filtrlar kiradi.
Joriy yil boshida Kaliforniyadagi sud ishlaridan birida da’vogar tomon «Meta» va «YouTube» ushbu funksiyalarning o‘smirlarda qaramlik keltirib chiqarish ehtimolini bilgan holda ulardan foydalanganini ta’kidlagan. Kompaniyalar mazkur qaror ustidan shikoyat berish niyatida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter