Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin Ukrainada qay usulda g‘alaba qozonmoqchi ekani ochiqlandi

Putin Ukrainada qay usulda g‘alaba qozonmoqchi ekani ochiqlandi

Foto: TASS

Ayni paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshchiligidagi harbiy qo‘mondonlik Ukrainada tadrijiy ravishda taktik yutuqlarga erishish uchun uzoq muddatli hujum amaliyotini ma’qul ko‘rmoqda. AQShning Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisobotiga ko‘ra, Kreml urushni cho‘zish va Ukraina armiyasining tinkasini quritish orqali yanada ko‘proq hududlarni egallashni qasd qilgan.

Putin urush qancha uzoq muddat davom etsa, Ukrainaning yanada ko‘proq hududini bosib olish va davlatchiligini parchalash mumkinligiga ishonadi. Rossiya yetakchisi vaqt o‘tishi bilan Ukrainaga G‘arbning ko‘magi kamayadi va raqib armiyasi holdan toyadi deb hisoblaydi. Rasmiy Moskvaning urushni davom ettirish niyatida sobit ekani ana shu yashirin maqsad bilan izohlanadi, deydi ISW tahlilchilari. 

Ayni choqda, Urushni o‘rganish instituti G‘arb davlatlari Ukrainaga qarshi hujum uchun zarur qurol-aslaha va texnikani tezroq yetkazish kerakligini uqtirgan.

Yaqinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlari Rossiyadagi beqarorlik vajidan Kiyevning to‘laqonli g‘alabasi uchun ko‘mak berishni paysalga solayotgani haqida gapirgan edi. Zelenskiy fikricha, G‘arbning taraddud va ikkilanishi Putinni Ukrainaning yangi-yangi hududlarini bosib olishga undamoqda.

Avvalroq Urushni o‘rganish instituti Putinning Ukraina bosqinidagi asosiy xatosini ochiqlagan edi. Ekspertlarga ko‘ra, 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya qo‘shinlarini boshqaruvchi yagona qo‘mondon tayinlanmagani asosiy xatolaridan biri sanaladi.

Qayd etilishicha, Putin Ukrainada qisqa muddatga uzil-kesil g‘alaba qozonishga shu qadar qattiq ishonganki, turli harbiy bo‘linmalarning harakatini muvofiqlashtiruvchi yagona qo‘mondon tayinlamagan. Qolaversa, Rossiya prezidenti tezkor g‘alabaga harbiy qo‘mondonlarning sherik bo‘lishini istamagan. Ukrainadagi zafar oliy bosh qo‘mondonning shaxsiy xizmati o‘laroq taqdim etilishi rejalashirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring