Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi obyektlari bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini beryapti – WP
Rossiya Eronga Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy obyektlariga zarba berish uchun razvedka ma’lumotlari bergan bo‘lishi mumkin.
The Washington Post nashrining uch nafar razvedka ma’lumotlari bilan tanish manbalarga tayanib yozishicha, urush boshlanganidan buyon Moskva Tehronga AQShning harbiy ob’yektlari koordinatalarini, jumladan kemalar va samolyotlar joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni uzatgan.
Manbalardan biri bu harakatni «juda keng ko‘lamli sa’y-harakat» deb baholagan.
Nashrning ta’kidlashicha, Rossiyaning Eronga nishonlarni aniqlashda qay darajada yordam berayotgani hozircha to‘liq ma’lum emas.
Ayrim rasmiylarga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin bir hafta ichida Eron armiyasining AQSh kuchlarini mustaqil ravishda aniqlash imkoniyatlari sezilarli darajada kamaygan.
«Rossiyaliklar biz Ukrainaga qanday yordam berayotganimizni yaxshi biladi. Shuning uchun ular javob zarbasi berish imkoniyatidan mamnun bo‘lgan bo‘lishi mumkin», – degan manbalardan biri.
Manbaga ko‘ra, Rossiya razvedka tizimi ma’lumot to‘plash imkoniyatlari jihatidan AQSh darajasiga yetmasa-da, baribir dunyodagi eng kuchli razvedka tizimlaridan biri hisoblanadi.
Hozircha Rossiya yoki Eron bu ma’lumotlarga rasmiy munosabat bildirmagan.
Kuzatuvchilar fikricha, agar bu xabarlar tasdiqlansa, bu holat Rossiyaning Yaqin Sharqdagi mojaroga bilvosita aralashayotganini anglatishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter