Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyadagi terakt ayblanuvchilarini qanday jazo kutmoqda?

Rossiyadagi terakt ayblanuvchilarini qanday jazo kutmoqda?

Basmanniy sudi «Krokus Siti Xoll»dagi teraktda gumonlanuvchilarni hibsga oldi. Sud ularning barchasini ikki oy muddatga qamoqqa olishga hukm qildi. Qayd etilishicha, ularni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.

Moskvaning Basmanniy okrug sudi «Krokus Siti Xoll»dagi terakt ishiga aloqador shaxslar — Mirzoyev Dalerjon Barotovich, Saidakrami Murodali Rajabalizoda, Shamsidin Faridun hamda Muhammadsobir Fayzovni hibsga oldi.

Qo‘lga olinganlarga terrorizmda ayblov qo‘yilgan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi). Jinoyat kodeksining ushbu moddasi bo‘yicha eng yuqori jazo umrbod ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart, juma kuni kechqurun, taxminan soat 20:00 da, qurollangan to‘rt nafar kamuflyajli shaxs «Krokus»ga tashrif buyuruvchilarga qarata o‘t ochdi. Hujum ishtirokchilari «Piknik» guruhi chiqish qilishga tayyorlanayotgan konsert zaliga o‘t qo‘ydi. Hujumdan 20 daqiqa o‘tib, ular oq rangli «Reno» avtomobilida hodisa joyidan qochib ketishgan.

Binoda taxminan 13 ming kvadrat metr maydonda yong‘in sodir bo‘lgan. Bu tomning qulashiga va konsert zalining to‘liq yonib ketishiga olib keldi. Yong‘in 23 mart, shanba kuni kechqurun o‘chirildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 144 nafarga yetgan, ulardan uch nafari bolalar.

Teraktdan bir kun o‘tib 11 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi, shu jumladan, hujumning to‘rt nafar ishtirokchisi – Bryansk viloyatida ushlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin terrorchilar «Ukraina tomon harakatlanayotganini, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular uchun Ukraina tomonida davlat chegarasini kesib o‘tish uchun oyna tayyorlanganini» aytdi. Kiyev voqeaga aloqadorligini rad etdi.

24 mart kuni butun Rossiya bo‘ylab motam e’lon qilindi, madaniy va sport tadbirlari bekor qilindi.

Rossiyaning 2008-2012 yillardagi prezidenti Dimitriy Medvedev Krokusdagi terakt ishtirokchilarini o‘ldirish tarafdori ekanini aytdi.

Putinning matbuot kotibi Peskov esa jurnalistlarning teraktda ayblanayotganlarning jarohatlari haqidagi savolini javobsiz qoldirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring