Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni falastinliklar o‘limiga sabab bo‘lgan bosqinni qoraladi

Saudiya Arabistoni falastinliklar o‘limiga sabab bo‘lgan bosqinni qoraladi

Foto: SPA

Saudiya Arabistoni Isroil kuchlari tomonidan Jenin shahrida amalga oshirilgan reydlarni keskin qoraladi. G‘arbiy sohildagi qochqinlar lageriga uyushtirilgan bosqinda 6 falastinlik halok bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda Isroil qurolli kuchlarining reydlari bosib olingan hududlarda beqarorlik keltirib chiqargani ta’kidlanadi. Bayonotda, shuningdek, marhumlarning yaqinlari va Falastin xalqiga hamdardlik bildirilgan.  

Rasmiy Riyoz Isroil kuchlarining noqonuniy xatti-harakatlariga aslo murosa qilinmasligini uqtirgan.

AP axborot agentligi xabariga ko‘ra, dushanba kuni Isroil qurolli kuchlari G‘arbiy sohilda joylashgan Jenindagi qochqinlar lagerida harbiy vertolyotlarni ishga solgan holda reyd uyushtirgan. Harbiylar bilan to‘qnashuvda  6 nafar falastinlik, jumladan, 15 yoshli o‘smir halok bo‘lgan. 90 dan ziyod kishi jarohatlangan.

Keyingi vaqtlarda bu kabi reydlarda ko‘p sonli tinch aholi vakillari qurbon bo‘layotgani aytilmoqda.

Falastin bosh vaziri Muhammad Ishtiyya 2022 yil davomida Isroil kuchlari tomonidan 220 nafar falastinlik o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

Saudiya Arabistoni Falastin muammosini adolatli hal etish, xususan, okkupatsiyaga chek qo‘yish lozimligini ta’kidlab keladi.

Joriy yil Ramazon oyida Isroil xavfsizlik kuchlari Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, namoz o‘qiyotgan falastinliklarga hujum qilgani keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Saudiya TIV Al-Aqsoga hujumni muqaddasotlarni hurmat qilishga doir xalqaro huquq me’yorlarining poymol etilishi deb atagan.

Fevral oyida esa Caudiya hukumati Isroil hamda Falastin o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta boshlash lozimligini ta’kidlagani holda,  xalqaro hamjamiyatni Isroilning hujumlarini to‘xtatish, okkupatsiyaga barham berish va falastinliklarni himoya  qilishda faollik ko‘rsatishga da’vat qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring