Sudanlik jangarilar uch haftada kamida 60 ming kishini o‘ldirdi. 150 ming kishi bedarak yo‘qolgan
Sudanlik jangarilar uch hafta ichida kamida 60 ming kishini o‘ldirgan, 150 ming kishi bedarak yo‘qolgan, deb yozmoqda BILD.
«Bu xuddiki qassobxonani eslatadi», — dedi Sudandagi yirik Al-Fashir shahrida sodir bo‘lgan voqea haqida Yel universiteti gumanitar tadqiqotlar laboratoriyasi direktori Nataniel Raymond. Uning jamoasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida mamlakatdagi vaziyatni tahlil qilmoqda. Manzara dahshatli: bozorlar bo‘shab qolgan, mollar yo‘qolgan. Bir paytlar 1,5 million aholi yashagan shahardan asar ham qolmaganga o‘xshaydi.
Al-Fashir misli ko‘rilmagan jinoyatlar uyasiga aylandi. Tezkor harakat kuchlari (RSF) shahar ustidan nazorat o‘rnatganidan buyon butun boshli mavzelar «ulkan jinoyat joyi»ni eslatadi, dedi Raymond. Hamma yoqda tog‘-tog‘ murdalar, ommaviy qabrlar va gulxan yoqilgan o‘ralar. Shahar qulaganidan olti hafta o‘tgach olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shubhaga o‘rin qoldirmaydi: jasadlardan tog‘lar hosil bo‘lgan, o‘lganlar ulkan chuqurlarda yoqib yuborilgan.
2023-yil aprel oyidan buyon Sudanda fuqarolar urushi davom etmoqda.
BMTning harbiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari Al-Fashirga kiritilmayapti. Nimalar bo‘layotganini faqat fazodan olingan tasvirlar yordamida taxmin qilish mumkin. Qancha odam halok bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi: tadqiqotchilar taxmin qilishicha, faqatgina Al-Fashirda atigi uch hafta ichida kamida 60 ming kishi o‘ldirilgan.
Buyuk Britaniya Vakillar palatasi Rivojlanish qo‘mitasi raisi Sara Chempion The Guardian nashriga shunday dedi: «Qo‘mita a’zolariga Sudan bo‘yicha maxfiy ma’lumot kelib tushdi, olimlardan birining aytishicha, u yerda so‘nggi uch hafta ichida 60 000 nafar odam o‘ldirilgan».
Yana 150 mingga yaqin odam bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ularning ayrimlari Al-Fashirdagi qamoqxonalarda saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Qolganlarining taqdiri noma’lum.
Huquq himoyachilari buni Sudan fuqarolar urushidagi eng dahshatli harbiy jinoyat deb atashmoqda. Sudandagi jangovar harakatlar va etnik tozalashlar oqibatida 32 oy ichida 400 mingga yaqin odam halok bo‘ldi, 13 million kishi qochqinga aylandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter