Tramp Epshteyn haqidagi hazil sabab boshlovchini sudga bermoqchi
Donald Tramp «Gremmi» mukofoti marosimi boshlovchisi Trevor Noani sudga berishini ma’lum qildi. Bu haqda Amerika yetakchisi o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Boshlovchi marosim vaqtida AQSh prezidentining pedofiliyada ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqalari haqida hazil qilgan.
Tramp g‘azabiga sabab bo‘lgan hazilda boshlovchi prezident Grenlandiya haqida orzu qilayotganini aytib, «chunki unga Bill Klinton bilan vaqtichog‘lik qilish uchun yangi orol kerak» degan.
«Men hech qachon Epshteyn orolida yoki uning atrofida bo‘lmaganman. Bugungi yolg‘on va tuhmatli bayonotga qadar bu haqda meni hech qachon ayblashmagan, hatto soxta OAVlar ham», — dedi Oq uy rahbari.
U boshlovchini «omadsiz», «bechora, iste’dodsiz, ahmoq reper» deb atadi va uni faktlarni o‘rganishga chaqirdi.
«Kichik Jorj Slopadopolusdan va boshqalardan so‘ra — buning bari nimalar bilan tugaganini bilib olasan. CBS’dan ham so‘ra! Tayyor tur, Noa, men sen bilan vaqtichog‘lik qilaman!» — deb yozdi Tramp.
«Gremmi» mukofotini topshirish marosimi 1 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Qo‘shiqchi Billi Aylish Wildflower taronasi bilan «Yil qo‘shig‘i» nominatsiyasida g‘alaba qozonganidan so‘ng, boshlovchi har bir artist bu mukofotni orzu qilishini, xuddi AQSh prezidenti Grenlandiyani orzu qilganidek, deb hazilini boshlagan.
«Bu ajablanarli emas, chunki Epshteyn o‘limidan keyin unga va Bill Klintonga vaqtichog‘lik qilish uchun yangi orol kerak», — dedi Trevor Noa.
Epshteyn fayllarida Tramp
30 yanvar kuni AQSh Adliya vazirligi moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarning yangi qismini e’lon qildi. The New York Times (NYT) gazetasi fayllarni tahlil qilib, ular orasida 5300 ta hujjatda Tramp va u bilan bog‘liq ismlar hamda atamalar 38 ming martadan ortiq tilga olinganini aniqladi. Masalan, uning qarindoshlari ismlari yoki Mar-a-Lago qarorgohi.
«Tramp tilga olingan ko‘plab hujjatlar — bu Epshteynning elektron pochtasiga tushib qolgan yangiliklar, maqolalar va boshqa ochiq manbalardir. Bu fayllarning hech birida Tramp bilan Epshteyn o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishmalar yo‘q», — deyiladi maqolada.
Shu bilan birga, nashr qayd etganidek, bu fayllarning faqat oz qismi 2000-yillar boshiga, ya’ni Tramp va Epshteyn do‘st bo‘lgan davrga taalluqli. Hujjatlarda AQSh prezidenti tomonidan qandaydir qonunbuzarliklar sodir etilgani haqida ma’lumot yo‘q. Biroq fayllarda Epshteyn qurbonlari bilan o‘tkazilgan intervyulardan yozuvlar va stenogrammalar bor. Ayrimlarida Tramp bilan bo‘lgan muloqotlarini eslagan. Masalan, qurbonlardan biri uni qora-yashil rangli mashinada Mar-a-Lagoga, Tramp bilan uchrashuvga olib borishganini aytgan.
Epshteyn ishi
«Boshqa bir hujjatda Epshteyn uchun ishlagan Xuan Alessi tergovchilarga Tramp ham boshqa mashhur shaxslar qatori Epshteynning uyiga kelib turganini qayd etgan», — deb yozadi NYT.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Epshteyn Tramp bilan munosabatlar uzilgandan keyin ham uni kuzatib borgan. Xususan, AQSh prezidentining siyosiy karerasi bilan qiziqib, buni o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatmoqchi bo‘lgan.
Trampning siyosiy raqiblari uzoq vaqt davomida «Epshteyn fayllari»ni respublikachilar vakiliga qarshi ishlatishga uringan. Ammo minglab hujjatlar orasida siyosatchi tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga dalillar ham, Tramp bilan milliarder o‘rtasidagi shaxsiy yozishmalar ham mavjud emas.
Mutaxassislar fikricha, Epshteyn ishi hali uzoq vaqt davomida kun tartibiga chiqib turadi. Xususan, ichki siyosatdagi bosimni kamaytirish umidida Tramp tashqi siyosiy faollikni kuchaytirishga harakat qiladi: Grenlandiya masalasida, shuningdek Kuba va Eron yo‘nalishida keskin harakatlar bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter