Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning 2-raundi haqida ma’lumot berildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina, Rossiya va AQSh ishtirokidagi navbatdagi uch tomonlama muzokaralar 4–5 fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
«Ukraina mazmunli muloqotga tayyor va biz muzokaralar natijasi urushni haqiqiy hamda munosib tarzda yakunlashga yaqinlashtirishidan manfaatdormiz», – deb yozdi Zelenskiy 1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda.
Rossiya va AQSh rasmiylari dastlab bu ma’lumotni izohlamagan. Biroq TASS manbasiga ko‘ra, muzokaralar tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida haftaning o‘rtalariga belgilangan.
Avvalroq uch tomonlama muzokaralar 1 fevral kuni Abu-Dabida o‘tishi kutilgan edi. Xususan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 28 yanvar kuni «1 fevral sanasiga rejalashtirilgan, hozircha shu sanaga tayanyapmiz», deya ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, Vladimir Zelenskiy 30 yanvar kuni AQSh va Eron o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuvi sababli uchrashuv boshqa sanaga yoki boshqa joyga ko‘chirilishi mumkinligini istisno etmagan.
Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi birinchi uch tomonlama muzokaralar 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq tarzda o‘tgan. BAA Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, ushbu uchrashuvlar davomida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan.
Ukraina rasmiylari mazkur muzokaralarni «ijobiy» va «samarali» deb baholagan bo‘lsa, Rossiya tomoni «dastlabki aloqalardan yuqori natijalar kutish xato bo‘ladi», degan fikrni bildirgan.
Keyinroq Kreml ham navbatdagi uchrashuv o‘tkazilishini rasman tasdiqladi. Dmitriy Peskovning aytishicha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishchi guruhning ikkinchi raundi avval yakshanba kuniga rejalashtirilgan, biroq uch tomon jadvallarini muvofiqlashtirish zarurati tufayli u chorshanba–payshanba, ya’ni 4–5 fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter