Ukrainaning uch prezidenti Polsha ordenidan voz kechdi, bu hali hammasi emas
Rossiyaga qarshi urushda muhim ittifoqchilar bo‘lib kelayotgan Ukraina hamda Polsha o‘rtasida jiddiy diplomatik ziddiyat yuzaga keldi. Bunga esa Polsha prezidenti Karol Navrotskiy ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiyni Polsha davlati uch yil avval taqdim etgan yuksak mukofot – «Oq burgut» ordenidan mahrum qilgani sabab bo‘ldi.
Zelenskiy bunga javoban zudlik bilan orden hamda uning guvohnomasini pochta orqali Karol Navrotskiyga yubordi.
Ukraina xalqi Rossiyaning keng ko‘lamli urushi boshida katta ko‘mak ko‘rsatgan Polsha xalqidan minnatdor ekanini ta’kidlagan Zelenskiy Navrotskiyning ordenni bekor qilganidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmagan. Zelenskiy ushbu orden tarixda Rossiya imperatritsasi Yekaterina Ikkinchi, Italiya fashistlari yetakchisi Benito Mussolini hamda Germaniya sobiq kansleri, Putinning yaqin do‘sti Gerxard Shryoderga ham berilgani, ammo qaytarib olinmaganiga e’tibor qaratgan.
Vladimir Zelenskiy ordendan mahrum qilingani ortidan Ukrainaning sobiq prezidentlari hamda amaldagi arboblari birdamlik ramzi sifatida Polsha davlat mukofotlaridan ixtiyoriy ravishdan voz kechmoqda. Jumladan, 1994-2005-yillarda Ukrainaga rahbarlik qilgan Leonid Kuchma, 2005-2010-yillarda Ukrainaga rahbarlik qilgan Viktor Yushchenko va 2014-2019-yillarda Ukrainaga rahbarlik qilgan Pyotr Poroshenko Polsha davlati taqdim etgan «Oq burgut» ordenidan voz kechganini bildirdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga «Polsha Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni hamda uning yulduzli komandor xochini rad etgan.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Kirill Budanov ham 2025-yilda o‘ziga topshirilgan «Polsha Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni hamda uning oltin ofitserlik xochidan voz kechganini ma’lum qildi.
Budanov Varshavaning Zelenskiyga nisbatan munosabatini ukrainaliklarga nisbatan «do‘stlikdan yiroq harakat» va «Moskva agressori uchun sovg‘a» deb atagan.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Ukraina boshqa xalqlarga o‘z tarixini qanday o‘rganish borasida dars o‘tmasligi, ayni choqda, o‘z milliy xotirasi hamda qadr-qimmatini muhofaza etish huquqidan voz kechmasligini ta’kidlagan.
Siyosiy taranglik fonida Ukrainaning Polshadagi elchisi Vasiliy Bodnar ham o‘ziga topshirilgan «Polsha Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordenining kavalerlik xochini qaytarib berishini e’lon qilgan. Diplomat ukrainaliklar Polshani, eng avvalo, do‘st, ittifoqchi va sherik sifatida qabul qilishini qayd etgan.
«Ammo men tarixiy jihatdan adolatsiz deb hisoblagan qarordan chetda qola olmayman. Polshada hukm surayotgan his-tuyg‘ularni tushungan holda, Polshaning do‘sti, Rossiya agressoridan mardonavor himoyalanayotgan va Yevropadagi tinchlikni himoya qilayotgan davlat rahbari – Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Polshaning oliy mukofotidan mahrum etilganini qabul qila olmayman», – deb ta’kidlagan elchi.
Avval xabar berganimizdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushida partizanlik urushi olib borgan Ukraina isyonchi armiyasiga (UIA) qahramon unvoni berish bilan yaqin ittifoqchisi Polsha rahbariyatini darg‘azab qildi.
Joriy yil 26-may kuni Zelenskiy «milliy armiyaning tarixiy an’analarini tiklash» maqsadida Ukraina isyonchi armiyasiga (UIA) qahramon faxriy unvonini berdi. 1942-yildan boshlab Ukraina millatchilik tashkilotining qurolli qanoti sifatida sovet, polyak va nemis askarlariga qarshi partizanlik urushi olib borgan UIA mustaqil Ukraina davlati tuzishga harakat qilgan.
Dastlab natsistlar Germaniyasi tomonida bo‘lgan UIA Ukrainaga tegishli deb da’vo qilingan hududlardan polyaklarni siqib chiqarishga uringan. Janglar mobaynida mazkur armiya tinch aholi vakili bo‘lgan polyaklarni qatliom qilgani aytiladi.
O‘ng muhofazakor qatlamga mansub prezident Karol Navrotskiy polyaklarni qirishda ayblanadigan UIAga qahramon unvoni berilishini keskin tanqid qildi va Zelenskiyni Polshaning yuksak davlat mukofotidan mahrum qildi.
Tarixiy bahslar, hududiy da’volar uzoq yillar mobaynida Polsha va Ukraina munosabatlariga soya solib kelgan. Jumladan, UIA tomonidan Ikkinchi jahon urushida 100 mingdan ziyod polyak qatliom qilingani, polyak partizanlari esa qasos sifatida 20 mingga yaqin ukrainni o‘ldirgani aytiladi.
UIA 1945-yildan keyin ham sovet hukumatiga qarshi kurashni davom ettirgan. Shunga ko‘ra Ukrainada mazkur harbiy guruh Rossiyaga qarshi kurash ramzi deb ko‘riladi.
2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Polsha va Ukraina o‘rtasidagi tarixiy bahslar ikkinchi planga o‘tgandek tuyulgan edi. Biroq Varshava tomonidan bir milliondan ortiq ukrainalik qochqinning qabul qilinishi ortidan Polsha jamoatchiligida qo‘shni davlatga nisbatan munosabat yomonlashdi. Xususan, o‘ng qanotga mansub siyosatdonlar ukrainaliklarga berilayotgan ijtimoiy imtiyozlarni tanqid qilmoqda. Varshava tomonidan Kiyevning harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi ham savol ostiga olinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter