Isroil vazirining taklifi Yevropa bosh diplomatini larzaga soldi
Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qildi. Isroil tomonidan Falastinning bosib olingan hududlarida noqonuniy uylar qurilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilib kelinadi.
Isroil moliya vaziri taklif etgan budjet loyihasida G‘arbiy sohilda yahudiy turarjoylarini barpo qilishga bir necha yuz million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Ayrim muxolif partiyalar yahudiy turarjoylari qurilishini davom ettirish G‘arbiy sohilda taranglikni yanada kuchaytirishidan ogohlantirgan. Ammo G‘arbiy sohil aholisini «natsistlar» deya iddao qilgan Betsalel Smotrich yahudiy turarjoylari qurilishi hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidlagan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroil hukumati ayni urush avj olgan paytda noqonuniy turarjoylar qurilishi uchun mablag‘ ajratayotgani uni larzaga solganini ma’lum qilgan.
«Bu o‘z-o‘zini mudofaa qilish emas va ushbu qadam Isroilni xavfsiz etmaydi. (Yahudiy) turarjoylari xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi sanaladi va u Isroil xavfsizligiga misli ko‘rilmagan xatar tug‘diradi», – deb yozdi YeI bosh diplomati.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Benyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
Noqonuniy yahudiy turarjoylari qurilishini hatto Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham nomaqbul deb biladi. Negaki, bu xalqaro huquq hamda Falastin davlatchiligining namoyishkorona poymol etilishidir.
BMT ham ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning ishg‘ol siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.
Xalqaro hamjamiyatning talabiga qaramay, Isroil Falastin yerlarida noqonuniy turarjoylar qurishda davom etmoqda. Hukumat joriy yil iyun oyida yahudiy uylarini qurishni jadallashtirish uchun moliya vaziri Betsalel Smotrichga katta vakolatlar bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter