Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ishga kirish uchun pul berish muammosi hamon aktual(mi?)

Ishga kirish uchun pul berish muammosi hamon aktual(mi?)

Foto: Xabar.uz

Homilador yoki yaqinda oila qurgan ayollarning ishga olinishi bilan bog‘liq muammolar, ish beruvchi tomonidan ularning arizalari rad etilish holatlari uchrab turishi hech kimga sir emas. Bu mavzuda saytimizda turkum materiallar tayyorlangan.

Yana bir holat borki, uning ham jamiyatimizda tez-tez uchrab turishi xotin-qizlarimiz tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu holat homilador ayollarning ishga kirishi uchun rahbar lavozimidagi shaxslar tomonidan moddiy manfaatdorlik istalishi bilan bog‘liq. Ya’ni bugun ayrim rahbarlar homilador ayolni ishga olish uchun ochiqchasiga undan pul talab qilmoqdalar. Ismi sir bo‘lib qolishini istagan bugungi qahramonimiz o‘zi duch kelgan holat haqida bizga yozib qoldirdi. Uning aytishicha, hozir uning o‘zi ishlagan maktabdan borib olishi kerak bo‘lgan hujjatlari bor va mana shu ishini bitirsa, Surxondaryo viloyatidagi mazkur maktab direktorining aslida kim ekanligini hammaga baralla aytadi. Hozir esa, qonunlar doim ham u qadar yaxshi ishlamayotgan zamonda agar shaxsini ochiqlasa, keyin muammolarga duch kelishidan havotirda.

— «Inyaz»ni bitirsam ingliz tili o‘qituvchisi bo‘laman, bolalarga xorijiy tilni o‘rgataman deb Jahon tillari universitetida o‘qidim. Bitirishim bilanoq ishga joylashish masalasi boshlandi. Maqsadli ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qishga kirganim bois 3 yil shartnomada yozilgan o‘zimning viloyatimdagi maktabda ishlab berishim shart edi. O‘qishni bitirganimda 1-farzandimga homilador edim. Xullas, ishga joylashish bo‘yicha maktab direktori bilan suhbatlashishga bordim.

«Bo‘ldi, ishlaysan, kelaver ertadan» dedi opa (maktab direktori ilgari o‘zimning sinf rahbarim bo‘lgan). Keyinchalik direktor onamdan tinmay pul so‘ray boshlabdi. Onam pul beravermagach, mening dars soatlarimni kamaytirishni boshladi. Dekretga chiqishimga ta’sir qilishini bilib majbur bo‘ldim pul berishga. O‘shanda 600 ming so‘m bergandik, lekin oylik olganda yana berarsizlar deb norozi bo‘lgandi. Dekretga chiqqanimdan keyin ham, «dekretnoy» pulimni berishdan avval menga qo‘ng‘iroq qilib qanchasini menga berasan deb so‘ragandilar. 200 ming so‘m yana berdim. Farzandim 1 yoshga to‘lgach ishga chiqmoqchi bo‘ldim. Maktabga bordim gaplashgani. Direktor menga «farzanding 3 yoshga to‘lguncha uyda o‘tirishing kerak edi, hozir seni ishga olsam menga gap tegadi, ozgina xarajati bor, ko‘tarasanmi?» deb shart qo‘yib, 12 soat dars berdi.

Hamma shartiga ko‘nib, rozi bo‘ldim. Chunki u vaqtda menga ish juda zarur edi. Onamga bo‘lgan gapni aytsam, «seni onalik ta’tiling 52 kun. 52 kundan so‘ng xohlagan vaqtingda ishga chiqishga haqing bor. Ishxonada esa ish o‘rning saqlanishi shart, hech kimga pul to‘lashga majbur emassan» dedilar. Bu gapni eshitib, kuchga to‘ldim, hech kimga pul bermadim. Ammo direktorning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolmay deb maktab kutubxonasiga 60 dona yangi kitoblar hadya qildim. Afsuski, rahbarga bu usul yoqmadi, naqd puldan boshqa hech nima kerak emas ekan. Har safar dars soatimni ko‘paytirib berishini so‘rab, oldiga kirganimda meni chiqarib yuborardi. Boshqa o‘qituvchilarning dars soati esa 28 soatdan edi. O‘qituvchilar bilan o‘zaro suhbatdan bildimki, direktor o‘qituvchilarga atayin oz dars berib, bo‘sh soatlarni saqlab o‘tirar ekan. O‘quvchilarga ingliz tili fani o‘tilmayotganini ahamiyati yo‘q, toki kimdir kelib pul berib, rahbarni ko‘ngilchasini olmaguncha, o‘quvchilarga dars o‘tilmaydi. Farzandimning bosh ko‘zidan sadaqa deb norozi bo‘lib 400 ming so‘m pul berdim, o‘sha oydayoq 27 soat darsga ega bo‘ldim.

Maktabda 10 oy ishlab yana homilador bo‘ldim. Dekretga chiqish vaqti keldi. Buxgalteriya bilan gaplashsam, menga 10 million so‘m pul ajratilganini, agar ozroq xarajatini qilsam, ular shu pulni 13 million 700 ming so‘m qilib berishlarini aytishdi. Qo‘lida bunaqa summani ushlamagan oddiy o‘qituvchi bo‘lib jon-jon deb ular so‘ragan 400 ming so‘mni olib borib berdim. Va’da qilingan 13 million 700 ming so‘mni oldim. Afsuski, vaqtliroq onam bilan maslahatlashmagan ekanman. Onam menga hech qachon buxgalteriya 10 millionni 13 million qilolmasligini, shu yo‘l bilan ular mendan pul undirganini aytdilar (onam davlat korxonasida xodimlar bo‘limi mutaxassisi bo‘lib ishlaganlari uchun bunaqa ishlardan yaxshi xabardorlar).

Maktabda deyarli hamma o‘qituvchilar «soqqa»ni bermaguncha ishga kirolmasliklarini aytishardi. Ba’zilar $100, boshqalar esa $200 ham berar ekan. Judayam ayanchli. Mana 2 yildirki haliyam ishga qaytmadim. Yana pul so‘rashini, asabiylashishimni o‘ylab ishga qaytmoqchi emasman. Bundan tashqari, bizning direktor o‘qituvchilarga beriladigan mukofot puli, ustama va moddiy yordam pullarining 40 foiziini o‘zlashtiradi. Agar boshidanoq o‘qituvchi shu shartga rozi bo‘lmasa, hujjatiga qo‘l qo‘yib bermaydi.

Bilasizmi, har bir yangi oilada 5 yilgacha munosabatlarda krizis bo‘larkan. Meni ham bunday muammo chetlab o‘tmadi. Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashmoqchi bo‘lib onamning uyiga qaytdim. Bolam 1 yosh bo‘lishiga qaramay ishga chiqishga majbur bo‘ldim. Aks holda uyda o‘tirib, bolamga qaraganim ma’qul edi. Og‘irligim ota-onamga tushmasin deb ishga chiqqanman. Alhamdulillah, yarashib oldik. Hammasi ortda qoldi. Mana hozir 2-farzandim 2 yoshga kiryapti, hali beri ishga chiqmoqchi emasman. Bolamning shirin davrini o‘tkazib yuborishni istamayman. Hech bir ayol mitti bolasini kimgadir qoldirib ishlashni xohlamaydi. Hamma moliyaviy qiyinchiligi borligi sababli ishga qaytadi. Vaholanki, oladigan tariqcha oyligiga ham direktorlar ma’lum bir miqdorda ega chiqishadi.

Muammo yuzasidan tegishli joyga murojaat qilmoqchi bo‘ldim. Hattoki diktafonda direktorning ovozini ham yozib olgandim. Hamkasblarim yo‘ldan qaytarishdi. Ularning aytishi bo‘yicha, direktorimiz tegirmondan ham quruq chiqadiganlardan. Ukasi katta joyda ishlarkan, qutqarib qolarkan. «Hozir bu ishni qilsang, keyinchalik hamma sendan cho‘chib ishga olgisi kelmaydi, mayli shu pulni sadaqa deginda ber, qutul. Nima qilasan boshingni og‘ritib» deyishgandi. Oilaviy muammolarim ham borligi sababli yana bosh og‘riq orttirmay deb oxirigcha bormaganman. «Yozuv»larni ham havotir bilan shu zahoti o‘chirib yuborganman», deydi suhbatdoshimiz.

Mavzu yuzasidan turkum maqolalarimizning birida psixolog aynan homiladorlik va oila krizisi, bu davrdagi moddiy qiyinchiliklar haqida o‘z fikrini bildirgan. Afsuski, har bir inson hayotida duch kelishi mumkin bo‘lgan bu kabi muammolarda davlat vakillari, rahbarlar fuqaroga tirgak bo‘lish evaziga, muammolari ko‘lamini orttirib qo‘ymoqda.

Biz homiladorlik, onalik va mehnat faoliyati bilan muammolar bo‘yicha boshqa mamlakatlar tajribasi bilan ham qiziqqan holda xotijdagi vatandoshlarimiz bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Deyarli 20 yildan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan Saida opa o‘z tajribalari bilan bo‘lishdilar:

«Mening ilk farzandimga homiladorligimni bilishim ishga juda ham mukkasidan ketgan paytlarimga to‘g‘ri kelgan. Ofisimizda ish qaynab, oldimizda uchta katta deadline, ya’ni katta sana turgan edi. Ishxonam turli xil iqtisodiy muammolar tufayli IRS (solik qo‘mitasi) nazariga tushib, butun biznes va hayoti taftish bo‘layotgan fuqarolarni IRS sudida himoya qilish bilan shug‘ullanardi. Amerikada HIPAA (Health Insurance Portability and Accountability Act) deb nomlangan juda ham kuchli qonun bor. Bu qonun shaxslarning tibbiy ma’lumotlarini o‘z ruxsatisiz o‘rganish, qo‘lga kiritishga urinish, uchinchi shaxslarga ochiqlashni jinoyat darajasiga ko‘taradi. Bu qonun, o‘z-o‘zidan, ish joylarida ham amal qiladi. Unga ko‘ra, hech qaysi ish beruvchi ishga olinayotgan shaxsdan sog‘ligi haqida ma’lumot talab qilishga haqli emas.

Qo‘l ostida ishlayotgan ishchilarning ham nafaqat homiladorligi, balki sog‘ligidagi boshqa muammolari, imkoniyati cheklanganligi haqida so‘rashi qonunga zid. Shu sababdan ham hamkasblarim homilador bo‘lishgani haqida o‘zlari turli muddatda aytib, syurpriz qilib ma’lum qilishgan. Ya’ni bu yerda ayol xodimning o‘z homiladorligi haqida ma’lum qilishi, birinchidan, ixtiyoriy jarayon, ikkinchidan, stressli jarayon emas. Hattoki homila kattalashib, ayolning tana tuzilishidan uning homiladorligi ayon bo‘lib qolgudek bo‘lsa ham, rahbarning bu to‘g‘risida so‘roq qilishga haqqi yo‘q. Menda ham shunday bo‘lgan, to o‘zim ma’lum qilmagunimcha mendan homiladorligim haqida hech kim ma’lumot so‘ramagan.

Bilasizmi, hattoki homilador ayol shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun ishdan ruxsat so‘raganda undan buning sababini so‘rash ham qonunga zid. Onalik tatiliga chiqish, ishga qaytish tartibi ishga kirish oldidan tushuntiriladi va savollar tug‘iladigan bo‘lsa, istalgan payt kadrlar bo‘limiga murojaat qilinishi mumkin. Homiladorligim uchun ishdan bo‘shatishga urinish, yov qarash yoki boshqa ko‘ngilsiz holatlar umuman sodir bo‘lmagan. Ish o‘rnim onalik ta’tiliga chiqqanimdan so‘ng ham saqlanib qolgan. Bundan tashqari, AQShda onalik va bolalikni himoya qilishga juda katta e’tibor beriladi. Emizikli bolasi bor har bir xodim uchun o‘zgalar ko‘zidan pana, shinam, ozoda, qulay “pumping station” yaratiladi. Kun davomida istalgan paytda onalar o‘sha xonaga kirib, emizish bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshira oladilar. Xodimning bu huquqidan foydalanishiga to‘siq qo‘yishga uringan ish beruvchiga qarshi juda qattiq chora ko‘riladi. Sudlar doim qonun va homilador va farzand dunyoga keltirgan ayollar himoyasiga shoshadilar».

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnomalar ostidagi izohlarda mana bu kabi fikrlarga duch kelamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat statistika agentligi ma’lumotlariga asoslanadigan bo‘lsak, 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida 1,5 milliondan ortiq nikoh qayd etilgan.

Homiladorlik va nikoh holatlari bilan bog‘liq yuqoridagi kabi keyslarning mavjudligi esa bu raqamlarning naqadar katta muammoni anglatishini ko‘rsatadi. Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi oldi referendum targ‘iboti uchun bir nechta yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan maxsus roliklar mavzulari orasida homilador, yaqinda oila qurgan yoki yosh farzandli ayollarning ishga qabul qilinishidagi muammolar akslantirilgan tasvirlar ham mavjud.

Shuningdek, facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnomalarning izohlar qismida mana bu kabi pozitiv holatlar ham bor va ularga ko‘z yummaslik, ko‘proq targ‘ib qilish foydadan holi bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, homilador ayolning mehnat faoliyatini amalga oshirishida to‘siqlarning mavjudligi faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik nuqtai nazardangina salbiy ahamiyat kasb etib qolmay, balki huquqiy jihatdan ham qonunga ziddir. Xususan, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Bu kabi muammolarga duch kelgan ayollarga darhol huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Dilbar Elamanova

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring