Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh razvedkasi ogohlantirdi: Putin so‘nggi «ko‘zir qarta»ni ishga solishi mumkin

AQSh razvedkasi ogohlantirdi: Putin so‘nggi «ko‘zir qarta»ni ishga solishi mumkin

Foto: AP

Oq uy Rossiya tomonidan yadro quroli ishga solinishini istisno etmayotir. Bu haqda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan ana shunday qaltis ishga qo‘l urishi mumkin.

«Prezident Putin va Rossiya rahbariyatining sog‘lom aqldan yiroq xatti-harakatlari, shuningdek, ular duch kelgan harbiy mushkulotlarni hisobga olganda, taktik yadro quroli yoki kichik quvvatli yadro qurolini ishga solish borasidagi tahdidga hech kim e’tiborsiz qaray olmaydi», – deydi U. Byorns.

O‘z davrida Rossiyada elchi vazifasida faoliyat yuritgan AQSh josuslik idorasi rahbariga ko‘ra, alamzadalik va ishonchsizlik domida qolgan Kreml sohibiga maslahatchi va a’yonlari ham jiddiy e’tiroz bildira olmayapti.

MRB rahbari Rossiyaning yadro qurolini ishga solish ehtimoli borasida muttasil kuzatuv olib borilayotganini ma’lum qilar ekan, hozircha bunday qaltis qaror qabul qilinganiga dalil yo‘qligini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham G‘arb mamlakatlaridan ko‘proq harbiy ko‘mak so‘rarkan, Rossiya rahbariyati yadro yoki kimyo qurolini ishga solishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ukraina mudofaa vazirligi esa yadro qurolini Putin qo‘lidagi so‘nggi «ko‘zir qarta» deb atagan.

Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi, harbiy ekspert Aleksey Arestovich V.Putin «qizil tugma»ni bosib, taktik yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, bu bilan o‘ziga o‘lim hukmi o‘qishi, qirg‘inbarot ortidan Moskvaning yaqin ittifoqchisi Pekin ham undan yuz o‘girishini bashorat qilgan.

Rossiya 6000 ga yaqin yadro kallaklariga ega ekani aytiladi. Joriy yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, AQShning 71 foizi aholisi Kreml tomonidan yadro quroli ishga solinishi xavfi oshgan deb hisoblaydi.

Joriy yil mart oyida Oq uy Rossiya yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, munosib javob berish maqsadida maxsus guruh tuzgani xabar qilingan.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yadro qurolidan qanday holatda foydalanilishi haqida gapirgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring