Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh imi-jimida Isroilni qurollantirmoqda

AQSh imi-jimida Isroilni qurollantirmoqda

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroilga bir necha milliardlik qurol-aslaha va texnika yetkazish bitimini ma’qulladi. Bu haqda xabar bergan «The Washington Post» gazetasi Oq uy Isroilga bomba va qiruvchi uchoqlar yetkazishni imi-jimida, jamoatchilikka e’lon qilmagan holda tasdiqlaganiga e’tibor qaratgan.

Qo‘shma Shtatlar bu gal Isroil davlatiga 25 ta F-35 qiruvchi uchog‘i, 1800 dona MK-84 hamda 500 dona MK-82 bombalarini yetkazib beradi.

Ekspertlar ayni paytda Isroil armiyasi G‘azoda juda katta miqdorda bomba va o‘q-dori xarjlayotanini aytmoqda. AQSh eng yaqin ittifoqchi sifatida katta miqdorda ajal qurollari yetkazmoqda.

Yediot Ahronoth nashriga ko‘ra, AQSh Isroilga 2023 yilning so‘nggi ikki oyida 230 ta yuk uchog‘i va 20 ta kemada qurol-aslaha, o‘q-dori va harbiy texnika yuborgan.

2023 yil dekabr oyida Davlat departamenti ikki marta qonun chiqaruvchi idora (Kongress) ruxsatini ham kutmay ko‘p million dollarlik o‘q-dori yetkazishni ma’qullagan.

Isroil 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon kamida 32623 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 75092 nafari jarohatlandi. Tinch aholi vakillari orasida qurbonlar misli ko‘rilmagan darajada ortib borayotgan bir paytda AQShdan Isroilni qurollantirishni bas qilish talab etilmoqda.

Xususan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Oq uyga shunday chaqiriq yo‘lladi. Mazkur tashkilotlar Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga oldi.

Avval xabar berganimizdek, bir muddat oldin Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Polga ko‘ra, Isroilga oshig‘ich ravishda qirg‘in qurollari berilishi adolatsiz qaror bo‘lib, bu AQSh oliy deb bilgan qadriyatlarga ham zid sanaladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kuni kecha xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘azo janubidagi Rafah shahriga qo‘shin kiritilishini ma’lum qildi. Xalqaro tashkilotlar Tel-Avivdan 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan Rafahda harbiy amaliyot o‘tkazmaslikni talab qilib kelmoqda.

Tahlilchilar AQSh yetkazib berayotgan qurollar Rafahga hujumda qo‘llanishidan xavotirda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring