Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tolibon» 3 yil avval O‘zbekiston hududiga o‘tgan harbiy texniklarni so‘ramoqda

«Tolibon» 3 yil avval O‘zbekiston hududiga o‘tgan harbiy texniklarni so‘ramoqda

Bir muddat oldin Vashington va Toshkent 2021-yilda Afg‘oniston harbiylari tomonidan O‘zbekistonga olib o‘tilgan aviatsiya texnikalarini O‘zbekistonda qoldirishga kelishib olgani haqida xabar tarqalgan edi.

Bu haqda xabar tarqatgan Sputnik nashri AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenikning so‘zlarini iqtibos keltiradi. Unda, jumladan, «ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarga tegishli bo‘lmagan, u har doim Amerikaniki bo‘lgan. Ular undan foydalangan, ammo biz har doim uning egasi bo‘lganmiz», deyiladi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston islom amirligi Milliy Mudofaa vazirligi Jonatan Xenikning yuqoridagi bayonotiga munosabat bildirdi.

Qo‘shni davlat mudofaa vazirligi «O‘zbekistondagi afg‘on vertolyotlari va samolyotlari taqdiriga oid har qanday kelishuvni qabul qilib bo‘lmasligi»ni ta’kidlaydi.

«Milliy mudofaa vazirligi AQSh afg‘on xalqining mulkini berishga yoki musodara qilishga haqqi yo‘qligini aniq ta’kidlaydi. O‘zbekiston hukumati bu borada har qanday kelishuvdan o‘zini tiyishi kutmoqdamiz.

Yaxshi qo‘shnichilikni hisobga olgan holda oqilona qaror qabul qiling va harbiy havo kuchlari samolyotlarini qaytarishda Afg‘oniston bilan hamkorlik qiling», – deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning avgustida Afg‘oniston hukumati boshqaruviga «Tolibon» kelganidan so‘ng qo‘shni davlatning jami aviatsiya texnikalarining to‘rtdan biri O‘zbekiston va Tojikiston hududiga qochib o‘tgani aytiladi. Xususan, ayrim manbalar O‘zbekistonga «Embraer EMB 314 Super Tucano» va «Pilatus PC-12» rusumli samolyotlar va «UH-60 Black Hawk», «MD-530» va «Mi-17» rusumli vertolyotlar olib o‘tilganini yozadi.

Qobul 2022 yilda ham Toshkent va Dushanbedan ushbu aviatsiyani qaytarishni talab qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring