Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Alyaskadagi Tramp–Putin sammiti natijalari

Alyaskadagi Tramp–Putin sammiti natijalari

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida 3 soat davom etgan uchrashuv Ukrainada tinchlik o‘rnatishga doir aniq qadamlarsiz yakunlandi. Ikkala tomon ham natijalarni «ma’qul» deb belgilagan bo‘lsa-da, aniq kelishuvlar e’lon qilinmadi.

Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikkala prezidentning 2019 yildan beri ilk shaxsiy uchrashuvi, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq masshtabdagi hujumidan keyin Putinning AQSh prezidenti bilan ilk muloqoti bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida ma’lum qilingan rejaga ko‘ra, ular faqat tarjimonlar ishtirokida birga gaplashishi kerak edi, lekin keyin format o‘zgardi – muzokaralarga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, shuningdek ikki davlat maxsus vakili ham qo‘shildi.

Uchrashuvda jiddiy kelishuvlar bo‘lmadi. Putin Trampga minnatdorchilik bildirdi va Ukrainadagi urushning «asosiy sabablarini bartaraf etish» kerakligini ta’kidladi.

«Ukraina — bizning qardosh xalqimiz, u yerdagi voqealar biz uchun fojia. Barqaror tinchlik uchun asosiy sabablarni yo‘qotish kerak. Ukraina xavfsizligi ta’minlanishi shart. AQSh bilan hamkorlik salohiyatga ega», – dedi Putin.

Uning so‘zicha, agar 2022 yilda prezident Tramp bo‘lganida, urush boshlanmagan bo‘lardi.

Tramp esa hozircha «bitim yo‘q»ligini, lekin «salmoqli qadamlar tashlangani»ni aytdi. U Putinning urushni tugatishni istashiga ishonch bildirdi.

«Biz to‘liq kelisha olmadik, hozircha bitim yo‘q. Lekin progress bor. Yevropa rahbarlari va Zelenskiy bilan maslahatlashaman. Biz urushni tezroq tugatishni xohlaymiz. Har hafta minglab odamlar halok bo‘lmoqda. Putin ham, men ham buni tugatish tarafdorimiz», – dedi Tramp.

 Keyingi uchrashuv haqida gap ketganda, Putin Trampni Moskvaga taklif qildi.

Uchrashuvdan keyin dastlab rejalashtirilgan kengaytirilgan formatdagi ishchi tamaddi bekor qilindi. Putin shu zahoti Alyaskada halok bo‘lgan sovet uchuvchilari qabriga gul qo‘ydi va mahalliy arxiyepiskop bilan uchrashdi. Keyin esa Rossiyaga qaytib ketdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring