Nega odamlar SSSRni ideallashtiradi yoki bir xil orzular, bir xil o‘yinlar va bir xil qo‘rquvlar epoxasi

Sovet Ittifoqi bo‘linganiga o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bir necha avlod yangilandi. Lekin shunga qaramay «SSSR davri yaxshi edi», «U paytlar boshqacha edi» degan fikrlarni eshitamiz. «SSSRda hayot yaxshi edi!» Go‘yo o‘tmishning bir bo‘lagi hozirgi zamondan ko‘ra tiniqroq, nurliroq ko‘rinadi. Lekin savol tug‘iladi: nima uchun aynan SSSR? Nega undan oldingi yoki keyingi davrlar emas, balki aynan o‘sha zamon ideallashtiriladi?
Xavfsizlik va barqarorlik xotirasi
SSSR davrida go‘yoki ishsizlik yo‘q edi, maosh vaqtida berilardi. Albatta, maosh katta emas, tanlovlar cheklangandi. Bugun esa shiddatli va ehtiyojlar ko‘lami SSSRdagidan ancha oshib ketgan zamonda «ertaga ishimdan ajrasam nima bo‘ladi?», «narx yana ko‘tariladimi?» degan xavotirlar ko‘p.
Umumiylik va tenglik illyuziyasi
SSSR bolalari bir xil ssenariyda o‘sdi: bir xil multfilm, qo‘shiqlar, «Artek» orzusi, pioner, komsomol va qizil galstuk, hatto kitob, asarlar ham bir xil va juda cheklangan. Bir xil orzular, bir xil qo‘rquvlar, bir xil o‘yinlar… Bu umumiylik butun avlod xotirasiga baxtli hayotdek muhrlanib qoldi, keyinchalik «collective memory» ya’ni jamoaviy xotiraga aylandi. O‘sha davr odamlari «qorbo‘ron o‘ynagan bolalik»ni eslab, butun tizimga «go‘yo yaxshi edi» degan muhrni bosishdi. Hozir esa bolalar har xil ssenariyda o‘smoqda – internet, turli kurslar, turli maktablar va ta’limda turli yondoshuvlar. Shuning uchun kelajak bolalarida SSSR avlodidagi kabi umumiy nostalgiya bo‘lmaydi.
«Hamma bir xil yashardi» degan fikr ko‘p aytiladi. Qimmat mashina yoki hashamatli uylarda yashamagan odamlar o‘sha davrda hech bo‘lmasa adolat bor edi, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, nomenklaturaning, ya’ni elita qatlamning imtiyozlari bo‘lgan, ammo ommaning ko‘ziga u ko‘pda tashlanmasdi. Go‘yoki eng oddiy odam ham borib Qora dengizda dam olgan.... SSSRda kambag‘al ham, boy ham yo‘qdek tuyulardi. Hammaga uy, ish, sanatoriy, yo‘llanma bor edi. Odamlar buni «tenglik» sifatida eslashadi, garchi amalda ko‘p narsa mahdud va sifatsiz bo‘lsa-da.
Nostalgiya mexanizmi
Psixologiyada shunday holat bor: inson o‘tgan vaqtni romantiklashtiradi. Mutaxassilarning fikricha, bolalik, yoshlik – hammasi go‘yo bezavol, samimiy ko‘rinadi. Haqiqatda esa o‘sha paytda ham qiyinchilik, qator kamchiliklar bo‘lgan. Inson xotirasini vaqt o‘tishi bilan «filtrlaydi»: yoqimsiz narsalar yo‘qoladi, go‘zal hislar qoladi. Uzun navbatlar, tanqislik, senzura – bular chekinadi. Bolalik o‘yinlari, yozgi lagerlar, qo‘shnichilik esa «chiroyli surat»dek xotiraga muhrlanadi: «O‘shanda ko‘chalar xavfsiz, darvozalarga qulf solinmas edi», «o‘shanda bolalar kitob o‘qirdi, hozir esi-dardi telefon..» Vaholanki, qiziqib ko‘rsangiz SSSRni maqtaydiganlar orasida umrida bitta kitob o‘qimagan katta avlodni istagancha topish mumkin, oliy ma’lumotlilar bundan mustasno. Aslida bunday fikrlashga sabab SSSRning ustunligi emas, balki hozirgi davrdan qoniqmaslik.
Nega hozirgi zamondan qoniqish yo‘q?
Bir qarashda, hayotimiz avvalgidan farovon: ko‘pchilik chiroyli uylarni orzu qila boshladi, mashina olish uchun avvalgidek o‘n yillab puling bo‘lsayam navbatga turmaysan, sayohatlar oddiy odam uchun ham real. Lekin odamzotning qoniqmasligi moddiy emas, ma’naviy o‘lchov bilan bog‘liq.
Yana bir tomoni farovonlik tabiiy holga aylandi. Ilgari har qanday mahsulot taqchil va bir xil bo‘lgani uchun kichik narsa ham baxt hissini bergan. Hozir esa ko‘p narsa bor, lekin qalbda «bundan keyin-chi?» degan bo‘shliq, ya’ni turfa xillik xotirjamlikni o‘g‘irlaydi. Ilgari hamma bir xil edi, qiyos yo‘q. Hozir esa qo‘shni mashina oldi, tanishing Turkiyaga bordi – sen ham xohlaysan, ichki xotirjamlik yo‘q.
Avvallari vaqtida oylikni olib ortiqcha orzu havas haqida o‘ylamas edik, endi esa kundan-kun maishiy texnikadan tortib oziq-ovqat va kiyim-kechakning turi ko‘paygandan ko‘paymoqda. Bu xaos esa odamni toliqtiradi, huv o‘sha SSSRdagi odam ortiqcha narsalarni o‘ylamaydigan tinch zamonga qaytgisi keladi. Ish, kredit, narxning doimiy o‘ynab turishi haqidagi xavotir moddiy farovonlikka soya soladi. Talablar tez o‘smoqda: mashina bormi, endi yaxshirog‘i kerak. Uy bormi, endi kattarog‘i yoki dizayni yangisi kerak. Orzular hech tugamaydi, shuning uchun odam o‘zini hech qachon manzilga yetdim deb his qila olmaydi va charchagan miya o‘tmishdagi halovatli, oddiy kunlarini sog‘inadi. Odamlar «SSSRda yaxshi edi» deganida, ular ko‘proq o‘zining yoshligi, xavfsizlik va xotirjamligini sog‘inishadi.
Tashqi omil: romantiklashtirilgan o‘tmish
Faqat SSSR emas, xorijda ham shunday tendensiya bor. Masalan, AQShda ba’zilar «1950-yillar – haqiqiy amerikalik oilaviy qadriyatlar» davri edi deb romantiklashtiradi, 50–60-yillar «golden age» – oltin asr sifatida yodga olinadi: Elveys, sutli kokteyl, suburbia (amerikancha orzuning ramzi: tinch, qulay oilaviy muhit, ammo mashinalarga bog‘liq va bir xillikka asoslangan hayot tarzi). Bu haqda amerikalik professor Ken Miller «Oltin davr»ni romantik qilishni to‘xtating: Haqiqiy farovonlik inklyuziyani talab qiladi» nomli maqolasida shunday deydi: «Agar biz 21-asrda haqiqiy Amerika buyukligini istasak, oqilona sarmoya kiritishimiz, inklyuziv tarzda boshqarishimiz va o‘tmishga tiniq qarashimiz kerak. Oltin davr oltin davr emas edi. Mark Tven ta’kidlaganidek, u zarhal qilingan: sirti yaltiroq, lekin ichi chirigan. Hatto «Oltin asr» filmi ham o‘zining jozibali modasi va dabdabali kechalari bilan davrning achchiq haqiqatlarini – tizimli tengsizlik, mehnat ekspluatatsiyasi va badavlat kishilarga xizmat qilgan mustahkam kuch tuzilmalarini ko‘rsatishdan qochmaydi». Ya’ni muallif aytmoqchidek: haqiqiy farovonlik – faqat iqtisodiy o‘sish yoki «bir necha kishining yaxshi yashashi» emas, balki butun jamiyatning turli qatlamlari teng imkoniyat va sharoitga ega bo‘lgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Yoki 1950–80-yillarni yaponiyaliklar entikib eslaydi: arzon ramen do‘konlari, umumiy teleko‘rsatuvlar, birinchi animelar, urushdan keyingi qayta tiklanish hissi. Bugun ham ko‘p yaponlar «Showa» (yorqin dunyo) qahvaxonalariga borib, o‘sha atmosferani his qilishadi.
Yoki Buyuk Britaniyada «imperiya davrida qudratli edik» degan hissiyot bor. Germaniyada katta avlod «Wirtschaftswunder» (iqtisodiy mo‘’jiza, 50–60-yillar)ni sog‘inadi. Italiyada «Dolce Vita» (50-60) yillari. Bu davrlar ularning bolalik yoshligi bilan tutashgani uchun kollektiv xotiraga aylangan. Koreya ham 70–80-yillarni romantiklashtiradi. «Reply 1988» seriali aynan shu hisni qayta jonlantirgan: umumiy ko‘cha o‘yinlari, radio qo‘shiqlari, ko‘shnichilik madaniyati.
Svetlana Boymning Nostalgiya kelajagi «The Future of Nostalgia» (2001) kitobida ikki turdagi nostalgiya haqida yozadi: Restorativ nostalgiya –o‘tmishni real qaytarishga intilish, refleksiv nostalgiya – o‘tmishni ideallashtirib, estetik halovat sifatida ko‘rish. Fridrix Nitsshe — «O‘tmishdan foydalanish va uning zarari» kitobida (On the Use and Abuse of History for Life, 1874) insonning o‘tmishni romantiklashtirib, hozirgi hayotdan qochishi haqida yozadi.
Ijtimoiy-psixologik tadqiqotlarda esa nostalgiya stressni kamaytiruvchi mexanizm sifatida qaraladi, ya’ni insonlar qiyin damlarda o‘tmishni ideallashtirib, ruhiy taskin topishadi.
«SSSRdagi odamlarning hayoti aslida baxtli bo‘lganmi?»
Ushbu maqolada yuridik fanlar nomzodi V. N. Usolsev shunday faktlarni keltiradi: «SSSRda ko‘plab iste’dodli olimlar, muhandislar, shifokorlar, yozuvchilar, rassomlar fan, madaniyat va texnologiyalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdilar. Bu davlat ta’lim va fanga katta e’tibor qaratgani tufaylidir. Undan tashqari muallif sog‘liqni saqlash tizimining yutuqlari, garchi odamlar ko‘pi yotoqxona yoki bir xonali uylarda yashagan bo‘lsada uy joylarning arzon bo‘lganini ham eslatib o‘tadi. SSSR rivojlangan ijtimoiy himoya tizimiga ega edi. Davlat pensiya, ishsizlik, bolalar nafaqalari va boshqa ijtimoiy imtiyozlarni taqdim etdi. Bu odamlarga o‘zlarini yanada himoyalangan va kelajakka ishonch bilan his qilishlariga imkon berdi. Afsuski, deydi u maqola davomida SSSR hayotida hamma narsa mukammal emas edi. Asosiy kamchiliklardan biri oziq-ovqat va boshqa narsalarning tanqisligi edi.
Surat: pikabu.ru
Sovet Ittifoqining deyarli barcha respublikalari uchun umumiy bo‘lgan narsa shundaki, fuqarolar ko‘plab narsalarni, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishdan ko‘ra «olishga» majbur bo‘lishgan. Shunga qaramay, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzon va sifatli edi.
SSSR hayotidagi yana bir muammo erkinlikning yo‘qligi edi. Davlat odamlar hayotining barcha jabhalarini, shu jumladan so‘z erkinligi, yig‘ilish (miting) erkinligi va tanlov erkinligini nazorat qildi. Odamlar o‘z fikrlarini erkin ifoda eta olmadilar, hokimiyatni tanqid qila olmadilar va o‘z kelajagini tanlay olmadilar. Bu jamiyatda katta keskinlikni keltirib chiqardi va ko‘p odamlar noaniqlikda yashadilar.
Real hayotni yashirgan suratlar
Yana bir maqola muallifi Maksim Mirovich SSSRda haqiqiy hayotning taqiqlangan fotosuratlari maqolasida esa shunday deydi:
«...Biroq, SSSRdagi haqiqiy hayot bu xayollardan uzoq edi va uni ko‘rish uchun uyushtirilgan rasmlarga emas, balki o‘sha davrdagi fotosuratlarga qarashingiz kerak. Bugun men sizga bo‘sh vaqtlarida kundalik fotosuratlar bilan shug‘ullangan va bir vaqtning o‘zida «sotsialistik voqelikni qoralash» ayblovlari uchun o‘zlarining foto arxivlarining bir qismini yo‘q qilishga majbur bo‘lgan professional sovet fotosuratchilarining ishlari bilan tanishtiraman. Fotosuratchilar Vladimir Sokolayev, Vladimir Vorobyov va Aleksandr Trofimov – ular «Triva» ijodiy guruhini tuzdilar, Kuznetsk metallurgiya zavodida fotograf bo‘lib ishladilar, shuningdek atrofdagi barcha narsalarni suratga olishdi.
Yerda yotgan qo‘y go‘shtlari. Navbatga turgan o‘sha davr odamlari (Surat: «Triva» ijodiy guruhi)
1982-yilda Novokuznetskda olingan eng mashhur fotosuratlaridan biri «Shisha idish qabul qiluvchilar»deb nomlangan. Ushbu fotosuratga qarab, negadir men qayg‘uli aforizmni eslayman – «SSSRda hamma narsa yaxshi edi, shishalar faqat yorliqsiz qabul qilinganligi achinarli».
«Triva» ijodiy guruhi suratlari
1978-yil tushdan keyin dam olish uchun izolyatorlar brigadasi. U yerga qaytishni va «dunyodagi eng yaxshi muzqaymoq va qisqichbaqa tayoqchalarini iste’mol qilishni» orzu qilgan barcha SSSR muxlislarini hayratda qoldiradigan ajoyib fotosurat: hayot umuman muzqaymoq va shirinliklar emas, balki har kungi mashaqqatli mehnat bo‘lib, uning xavfsizligi haqida hech kim o‘ylamagan.
«Raspadskaya konidagi smena ishchilari» – ushbu fotosuratda nimani ko‘rayotganingizni bilmayman, men sovet tashviqot filmlaridagi abadiy quvnoq va toza ishchilarga o‘xshamaydigan charchagan odamlarni ko‘raman, deydi muallif.
Yana bir surat 1983-yilda olingan va «bolalar ortopediyasi kafedrasi. Shifokor tayinlanishini kutish». Nima uchun «buyuk mamlakat» raketalarni ishlab chiqarishda, shuningdek balet sohasida va hokazolarda ilg‘or bo‘lgan o‘sha davrdagi bolalar shifoxonalari shunday ko‘rinishda javobni men sizga qoldiraman. Va bunday SSSRga qaytishni xohlaysizmi? U yerda nima qilardingiz», deb savol beradi muallif...
Illyuziya va haqiqat
Qisqa qilib aytganda: SSSR haqidagi illyuziyalarning har biri «yopiq jamiyat»ning tabiiy natijasi. Chunki odamlar tanlash imkoniyatisiz qolganda, mavjud narsani «ideal» deb bilishga majbur bo‘ladi. Ya’ni tanlovsizlik ideallashtirishni keltirib chiqaradi.
SSSR ko‘p narsa «yaxshi» edi, lekin bir katta narsa yo‘q edi – erkinlik. Erkinlik bo‘lmasa, ijod ham, iqtisod ham siljimaydi.
To‘g‘ri SSSR qulaganda katta zahiralar qoldi: intellektual salohiyat – olimlar, muhandislar, konstruktorlar. Infratuzilma – sanoat shaharlari, yirik fabrikalar. Ma’naviy kapital – «bilimga ishonish», kitobxonlik an’anasi.
Lekin nyega bu tajribalar foydali bo‘lmadi?
Tizim falsafasi eskirgan edi –iqtisod bozor qonunlariga to‘g‘ri kelmadi. Meros «mafkuraga xizmat» uchun yaratilgandi, erkin raqobat uchun emas. Shuning uchun ko‘plab olimlar, muhandislar va mutaxassislar chet elga chiqib ketdi. Qolganlar esa bozor sharoitida o‘z bilimini qo‘llay olmadi. SSSR tarixi faqat siyosiy tizim yoki geosiyosiy kuch sifatida emas, balki katta illyuziya sifatida ham e’tiborga loyiq. Bu illyuziya shundan iborat ediki: insonlarga «ertangi kunda hamma teng bo‘ladi, barcha ehtiyojlar ta’minlanadi, ilm va madaniyatda misli ko‘rilmagan darajaga yetiladi» degan va’da berilgandi. Umid bor joyda insonlar qiyinchiliklarga toqat qiladi. Shuning uchun ham odamlar «ertangi kommunizm» uchun o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor edilar. Ammo «ertaga» hech qachon kelmadi.
Nega illyuziya natija bermadi?
SSSR tajribasi inson irodasi va tabiiy iqtisodiy rivojlanishga emas, balki «reja» va «majburiy yo‘l»ga qurilgandi. Ilm-fan ham ko‘p hollarda ideologiyaga xizmat qildi. Bozor iqtisodi, shaxsiy mas’uliyat, raqobat – bularning barchasi sobiq sovet insonlari uchun og‘ir sinov bo‘ldi. SSSR illyuziyasi odamlarga umid berdi, ammo erkinlikni olib qo‘ydi. U insonlarni katta maqsadlar yo‘lida qo‘llab-quvvatladi, ammo shaxsiy tashabbusni yo‘q qildi. Ta’lim yuqori darajada bo‘lsa-da, bu bilimlar erkin fikr va erkin iqtisod bilan uyg‘unlashmadi.
«SSSR – bu buyuk sanoat, ulkan armiya va ta’limda tengsiz tizim edi». Bu gapni haligacha ko‘p eshitamiz. Kosmosga chiqish, savodxonlik, ko‘plab zavod-fabrikalar – bularni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin savol muallaq: agar shunchalik qudratli bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun uning natijalari bugun possovet mamlakatlarini haqiqiy taraqqiyotga olib kelmadi?
Masalan kosmosga chiqildi, ammo xalq uchun oddiy turmush sharoiti – uy, oziq-ovqat, kiyim-kechak tanqisligi yillab hal qilinmadi. Zavodlar ishladi, lekin ular ko‘proq harbiy yoki «plan uchun» ishlab, bozor qonuniyatlariga tayyor bo‘lmadi.
SSSR 1957-yilda sputnik uchirdi, Koreya esa hali qashshoq davlat edi. Ammo 30 yil ichida Koreya iqtisodiy islohot va erkin bozorga ochilib, «Samsung», «Hyundai», «LG» kabi global gigantlarni yaratdi. SSSR esa o‘sha ilmiy salohiyat bilan dunyo brendlari emas, faqat «plan qo‘ygan» mahsulotlarni ishlab chiqarishda qoldi.
G‘arb mamlakatlari o‘z industrial merosini «texnologiya eksporti»ga aylantira oldi. SSSR davlatlari esa industrial merosini «metall chiqindisi» sifatida sotdi.
Hamma narsa umumiy, hatto xotiralar ham...
«Hamma teng, hamma baxtli, hamma mehnatkash» bo‘lgan bu mamlakatda hatto yo‘qchilik ham romantika sifatida bezatilardi: «oddiylik», «bosiq hayot», «qanoat»...
«Hamma narsa umumiy» degan g‘oya amalda «hech kimniki emas»ligini isbotladi. Taqqoslab ko‘ramiz: G‘arbda ishchi o‘z mehnatidan foyda ko‘rib, xususiy mulk orqali kelajak yaratardi. SSSRda esa ishchi «mulkdor emas, ijarachi» edi. Qurgan uyi ham, ishlab chiqargan texnikasi ham, hatto o‘z hovlisidagi daraxti ham davlatniki sanaldi.
«SSSRda hammasi yaxshi edi» degan gap bu qalbda qolgan illyuziya. Chunki o‘sha davrda ham kamchiliklar bor edi, faqat ular yopiq jamiyat devorlari orasida ko‘rinmas edi. Bugun esa biz tanlay olamiz: qolish yoki ketish, aytmoq yoki sukut saqlash, yangicha yo‘l izlash. Mustaqillikning qiymati – illyuziyalarga aldanmay, haqiqatni anglab, erkin va mas’uliyatli hayotni qurishda.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter