Qon bilan yozilgan qonunlar yoxud nega Qobiljon Emmett Till bo‘lolmaydi?
Amerika o‘zini demokratiya, erkinlik, inson huquqlari vatani deb atashni yaxshi ko‘radi. Lekin bu mamlakatning har bir katta qonuni, har bir «ilg‘or islohoti» ortida bir qurbonlik bor. Ammo ko‘plab qurbonliklar berilsa-da siljish va o‘zgarish qilaolmayotgan mamlakatlar haqida nima deya olamiz?
Bir paytlar Amerikada irqchilik juda avj olgan. Qora tanli inson inson emas, mulk hisoblangan paytlar bo‘lgan. Keyin «mulk» degan so‘zni olib tashlashgan, ammo ularga nisbatan munosabat o‘zgarmagan.
Bunday qotilliklar qayd etila boshlagan 1882 yildan beri shtatda 500 dan ortiq, janubda esa 3000 dan ortiq irqiy qotillik qayd etilgan. Zo‘ravonlikning eng yuqori cho‘qqisi 1876-1930-yillar oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Emmett Till
Irqiy nafrat shu qadar kuchli ediki, Emmett Missisipiga kelishidan bir hafta oldin qora tanli faol Lamar Smit sud binosi oldida otib o‘ldirilgan. Uch nafar oq tanli gumondor hibsga olingan bo‘lsa-da, ular tez orada qo‘yib yuborildi.
Emmett Tillning o‘ldirilishi fuqarolik huquqlari harakatini tezlashtirgan muhim voqea bo‘ldi. 1955 yilning dekabridayoq Alabama shtatida Montgomeri avtobusiga boykot boshlandi, bu bir yildan ortiq davom etdi va AQSh Oliy sudining qaroriga ko‘ra jamoat transportida segregatsiya (irqiy kamsitish, millatga ajratish)ni konstitutsiyaga zid deb topdi. Tarixchilarning ta’kidlashicha,
Tillning hayoti va o‘limi bilan bog‘liq voqealar bugungi kunda ham jamiyatga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Fojeali voqea 14 yoshli chikagolik afro-amerikalik Emmett Louis Till 1955-yilning yozida Missisipining kichik shaharchasida joylashgan qarindoshlarinikiga borganida yuz berdi. Till mahalliy do‘konga kiradi va u yerda oq tanli 21 yoshli Kerolin Brayant bilan suhbatlashadi. Ularning o‘rtasida nima sodir bo‘lgani aniq emas, lekin Till unga gap otishda ayblanadi. Agar uning xatti-harakati beg‘araz hazil bo‘lsa ham, bu qora tanli bolakay o‘sha davrdagi oq tanli ayol bilan muloqot qilish mumkin bo‘lmagan, ya’ni yozilmagan qoidalarni buzgan. Ushbu voqeadan bir necha kun o‘tgach, Karolinning eri Roy Brayant va uning o‘gay ukasi J.V. Milam qurollanib, Tillning uyiga bostirib kiradi va uni majburan olib ketadi. Ular o‘smirni shafqatsizlarcha do‘pposlaydi, boshiga o‘q uzadi, jasadini daryoga tashlab yuborishadi, uch kundan keyin Tillning shishgan tanasi topiladi.
Jasad Chikagoga olib ketiladi va bolaning onasi ochiq tobut bilan ommaviy dafn marosimini o‘tkazishni talab qilgan. Uning nega qurbon bo‘lganini va ayanchli yuzini butun dunyo ko‘rishini istaydi onaizor.

Emmett Till onasi bilan
Keyinchalik bu qaror o‘g‘lining jasadini butun dunyoga ko‘rsatishdan ko‘ra, ko‘proq narsani amalga oshirdi – bu Amerikadagi irqchilik muammosini, vahshiy «linch» (qonunsiz jazolash) amaliyotini va mamlakat demokratik institutlarining zaifligini fosh qildi. O‘n minglab odamlar Emmett Tillga hurmat bajo keltirish uchun keldilar va gazeta-jurnallarda chop etilgan ayanchli fotosuratlari nafaqat qora tanlilar, balki irqchilikka qarshi bo‘lgan oq tanli fuqarolar orasida norozilik uyg‘otdi.
Shu yerda aytib o‘tish kerakki, xuddi bugungi kunda Qobiljonning yig‘lab qochayotgani va qonga belangan tanasi ko‘pchilikda rahm-shafqat, o‘ldirgan o‘smirga nafrat uyg‘otganidek, xuddi kechagi kunda uning jasadini tuproqqa qo‘yish uchun minglab odamlar borganidek. Ammo... bu norozilik Amerikada o‘ldirilgan Emmett Till fojeasiga aynan o‘xshash bo‘lsa-da, mamlakatlar siyosatida nimanidir o‘zgartiradimi?
E’tibor bering, qora tanlilarning huquqlari muntazam ravishda poymol qilinadigan Missisipi shtatida bu holat alohida e’tiborni tortdi. Mahalliy hokimiyat dastlab qotillikni qoralab, aybdorlarni jazolashga va’da bergan bo‘lsa-da, milliy tanqidlar to‘lqinidan so‘ng ular shtat aholisini himoya qilishga va hatto qotillarning harakatlarini bilvosita oqlashga o‘tishdi. Bu holatni rus sigmentida ko‘rishingiz mumkin. Ayniqsa, OAVlar bu voqeaga yuzaki e’tibor qaratgani yanayam afsuslanarlisi.
Ha, 1955-yil sentyabr oyida oq tanli hakamlar hay’ati qotillarni oqladi. Sudni qayta ko‘rib chiqish imkonsiz bo‘lganligi sababli, bir yil o‘tgach, jinoyatchilar «Look» jurnaliga samimiy intervyu berib, Tillni qiynoqqa solib o‘ldirganliklarini tan olishdi...
Rivojlangan davlatning fuqarosi bo‘lish uchun faqat davlat rivojlanishi emas, fuqarolarning ham ongi, dunyoqarashi o‘sishi kerak ekan-da. Qotillik qilganlar qilmishlarini ochiq-oydin o‘zini oqlamasdan tan olishi ham progress aslida. Bizda-chi? Markaziy Osiyo xalqlari fuqarolarida ham mana shunday mardlarcha tan olishni kuzatish mumkinmi?
Rivojlangan davlatda inson qotillik qurboni bo‘lsa, avvalo jamiyat o‘zini so‘roq qiladi. Bizda esa bunday voqealar ro‘y bersa jim bo‘lamiz yoki boshqalarni ayblaymiz. Qobilga o‘xshagan qurbonlar esa shunchaki statistikaga aylanadi. U aslida Emmet. Till bo‘lishi kerak edi, tizimni titratgan ism bo‘lishi mumkin edi. Lekin bu uchun bitta shart bor...
Roza Parks
Roza Parks AQShdagi irqiy segregatsiyaga qarshi kurashning mashhur timsollaridan biri sifatida tanilgan. 1955-yil 1 dekabr kuni u avtobusda o‘tirgan joyini oq tanli yo‘lovchiga bo‘shatishdan bosh tortgan. O‘sha paytda qonunga ko‘ra, qora tanli yo‘lovchilar avtobusning orqa qatorlarida – «qora tanlilar uchun ajratilgan hudud»da o‘tirishi shart edi. Agar avtobusda oq tanlilarga o‘tirish joyi yetmay qolsa, haydovchi qora tanli yo‘lovchidan joyini bo‘shatishni talab qilish huquqiga ega bo‘lgan. Bunday hollarda haydovchi «qora tanlilar uchun» degan belgini yanada orqa qatorga ko‘chirar, hatto ayrim paytlarda qora tanlilarga umuman o‘tirish joyi qolmasdi.

Roza Parks avtobusda
Uch nafar qora tanli erkak talabga bo‘ysunib, avtobusning orqa qismiga o‘tadi. Ammo Roza Parks o‘rnidan turmaydi. Ayrim manbalarga ko‘ra, u: «Menimcha, turishim shart emas», – deb javob bergan.
Keyinchalik Parks doimiy haqoratlar va adolatsiz irqiy qonunlarga bo‘ysunishdan charchaganini, shu sababli o‘rnidan turishdan bosh tortganini aytadi. U shunday deb yozgan:
«Odamlar men juda charchaganim uchun o‘rnidan turmagan, deyishadi. Bu noto‘g‘ri. Men 42 yoshda edim, qariya emasdim. Men bitta narsadan charchagan edim: doimiy ravishda yo‘l berishdan». Haydovchi qonunga ko‘ra, uni kuch bilan tushirib yuborish huquqiga ega edi, ammo u politsiya chaqirishni afzal ko‘rdi.
Roza Parks ushbu haydovchi bilan avval ham muammoga duch kelgan. 12 yil oldin u avtobusga old eshikdan chiqib, haq to‘lagan, ammo haydovchi uni qora tanlilar kabi orqa eshikdan chiqib kirishga majburlagan. Parks bunga rozi bo‘lmay, avtobusdan tushib ketgan va o‘sha paytda o‘ziga-o‘zi qasam ichgan: «Bu haydovchining avtobusiga boshqa chiqmayman».
Roza Parks «jamoat tartibini buzgani» uchun hibsga olindi va 10 dollar jarima hamda 4 dollar sud xarajati to‘lashga hukm qilindi. U qaror ustidan shikoyat berdi.
Shu yilning o‘zida Missisipi shtatida afroamerikalik o‘smir Emmett Till oq tanli ayolga tegajoglik qilgan, degan yolg‘on ayb bilan o‘ldirilgani mamlakatda irqiy muammolarni yanada keskinlashtirgan edi.

Qonunga o‘zgartirish kiritilayotgan kun
Martin Lyuter King va avtobus boykoti
Roza Parksning harakati Martin Lyuter Kingni qora tanli aholining ommaviy avtobus boykotini tashkil etishga ilhomlantirdi. Boykot 381 kun davom etdi. Qora tanlilar avtobusdan foydalanishni to‘xtatishdi, ishga piyoda borishdi, taksilar esa ramziy haq evaziga xizmat qildi.
Natijada shahar budjetiga katta zarar yetdi. Ko‘plab faollar hibsga olindi, King va Nikson uylari portlatildi. Roza Parks ishidan haydaldi, eri ham ishsiz qoldi. Oila og‘ir qashshoqlikka tushdi.
1956-yil 13 noyabrda AQSh Oliy sudi avtobuslarda irqiy segregatsiya Konstitutsiyaga zid, degan qaror chiqardi.
Boykotdan keyin Parks oilasi tahdidlar sabab janubni tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo u borgan joyda ham rasizm saqlanib qolgan edi. Keyingi 40 yil davomida Roza Parks faol jamoat arbobi bo‘lib qoldi, fuqarolik huquqlari uchun kurashni to‘xtatmadi. Roza Parks o‘tirgan avtobus hozirda Genri Ford muzeyida namoyish etiladi.

Foto: Ochiq internet manbai
Qobiljon fojeasi
Ushbu voqealar bilan Qobiljon fojeasi o‘rtasida farq yo‘q va juda katta. Agar bu voqea o‘sha Emmett Till, Roza Parks yashaydigan jamiyatlarda sodir bo‘lganida edi, odamlar och, ishsiz qolishdan qo‘rqmasdan o‘sha yurtga borib ishlashdan bosh tortardi, hamma ommaviy o‘sha yurtni tashlab chiqib ketardi. Balki shunda yurt siyosati o‘zgarardi, qaytib kelgan aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat boshlanardi, balki hatto korrupsiyaga asta-sekin barham berilardi...
Qobiljon o‘ldirildi. Endi nima bo‘ladi?
Rossiyada tojik bola Qobiljon millati uchun o‘ldirildi. Ayrim telegram kanallarda bolaning o‘limi masxara qilindi, kulguli smayliklar qo‘yildi, «bitta migrant kamayibdi» qabilidagi izohlar yozildi.
Bu endi shunchaki jinoyat emas. Bu insonni inson sifatida ko‘rmaslik darajasiga yetib borgan nafrat.
Nafrat qachon bu darajaga chiqdi?
Rossiyada migratsiya so‘nggi yillarda keskin oshdi. Ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelgan ishchi muhojirlar soni ko‘paydi. Iqtisodiy inqiroz, urush, sanksiyalar fonida kim aybdor bo‘lishi kerak? Albatta, eng himoyasiz qatlam muhojirlarda.
Nafrat siyosiy ovozga aylandi. Teleshoularda, internetda, hatto rasmiy bayonotlarda ham «muhojir jinoyatchi», «muhojir xavf» degan obraz qotib qoldi. Bu obraz odamlarni qo‘rqitadi. Qo‘rquv esa zo‘ravonlikka olib keladi.
Qobiljonni o‘ldirgan qo‘l yakka shaxsniki bo‘lishi mumkin, Lekin uni tarbiyalagan muhit jamoaviy. Internet esa jinoyatni oqlayotgan maydonga aylanyapti.
Mana shu yerda davlatning javobgarligi boshlanadi. Chunki nafrat tili bu ham zo‘ravonlik. U avval so‘zda, keyin zo‘ravonlikda namoyon bo‘ladi.

Agar bola o‘limi ustidan qotgan smaylik qo‘yib, xayp orqali pul ishlayotgan telegram kanallarga chora ko‘rilmasa, agar izohlar javobgarliksiz qolsa ertaga, yana o‘nlab Qobiljonlar qurbon bo‘ladi.
Irqiy yoki milliy nafrat asosida qilingan jinoyatlar alohida va qattiq jazolanishi shart. Internetda nafrat qo‘zg‘atish «so‘z erkinligi» emas, jinoyat ekani aniq belgilab qo‘yilishi kerak.
Bu nafaqat muhojirning emas, balki jamiyatning o‘z muhofazasi uchun ham muhim. Nega odam o‘z yurtida yashamasdan begona yurtda xor bo‘lishi kerak? Eng og‘ir savol shu.
Muhojirlik har doim ham tanlov emas, majburiyat. Kambag‘allik, ishsizlik, korrupsiya, yopiq iqtisod, inson qadrining yo‘qligi muhojirlikka majburlamayaptimikan, degan savolni har bir mamlakat o‘z oldiga qo‘yish vaqti keldi.
Nega xuddi shu markaziy osiyoliklar Yevropa yoki AQShda ishlab yurganda deyarli bunday ochiq kamsitishga uchramaydi?
Yevropa va AQShda irqiy yoki milliy nafrat asosida qilingan jinoyat alohida jinoyat hisoblanadi, bola fojeasidan pul ishlash uchun uning o‘limini xayp qilgan kontentlar yopiladi, nafrat so‘zi «fikr» deb emas, xavf deb baholanadi.
Rivojlangan davlat sifatida tan olinish uchun yaxshi shart-sharoit, muqim ish joyi, qurilgan baland-baland inshootlarning o‘zi yetarli emas. Rivojlangan davlatlar qatoriga kirish uchun haqiqiy bag‘rikeng bo‘la olish, gumanizm, empatiya degan fazilatlarni ham g‘oya sifatida keng yoyish kerak... Ming qudratli bo‘ling, olimlaringiz, muhandislaringiz, armiyangiz kuchli bo‘lsa-da kichkina bolani millati uchun o‘ldirsangiz va bunga befarq qarasangiz hech qachon rivojlangan davlatlar qatori bo‘la olmaysiz...
Qobiljon butun Markaziy Osiyo xalqlariga shuni ko‘rsatib ketdi, uning o‘limi bizga bitta haqiqatni baqirib aytdi: odamni xor qilishga ruxsat berilgan jamiyatda, bolalar o‘limi oddiy holga aylanadi. Bu nafaqat muhojirlik muammosi, balki inson qadri muammosi ham emasmi?
Agar hukumat uyg‘onmasa, onalar jim tursa, hamma yana hayotini avvalgidek davom ettirsa, o‘zgartirishni, o‘zgarishni istamasa nafrat kamaymaydi, Qobiljonlar esa ko‘payib boradi...
Qobiljon nega Emmett Till bo‘lolmaydi, nega Roza Parks bo‘lolmaydi? Nimadirlarni o‘zgartirish haqida o‘ylayapsizlarmi?
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter