Abduqodir Mo‘minov bo‘yicha apellyasiya natijasi e’lon qilindi
Avgust oyida sud hukmi bilan 7 yilu 3 oyga qamalgan bloger Abduqodir Mo‘minov bo‘yicha apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bugun Toshkent shahar sudida Abduqodir Mo‘minov (1990-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, "Oynaga qarang” MChJ rahbari, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi sudlanuvchi va uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2023-yil 4-avgustdagi hukmi ustidan berilgan shikoyatlariga asosan apellyasiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi D. Rajabov raisligida hamda sudyalar M. Ahmedov va H. Shamshiyevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2023-yil 6-oktyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining A. Mo‘minovga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Ushbu ajrim ustidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkinligi ma’lum qilinadi, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter