Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ariqdan qon oqayotganga o‘xshardi»: Buxorodagi Abdullaxon zovurida vaziyat qanday o‘zgardi? (foto)

«Ariqdan qon oqayotganga o‘xshardi»: Buxorodagi Abdullaxon zovurida vaziyat qanday o‘zgardi? (foto)

Foto: Xabar.uz

Shofirkon tumani aholisini qiynab kelayotgan dolzarb muammo Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov aralashuvi bilan hal etildi.

«Viloyatning Shofirkon hamda G‘ijduvon tumanlari chegarasini kesib o‘tuvchi Abdullaxon zovuridan oqib o‘tgan qizil rangli suv aholi noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun barcha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Muhim amallar qo‘llanildi. 1,5 gektarlik yer maydonida yangidan oqava suvlarni tozalash inshootini barpo etish uchun bosqichma-bosqich barcha ishlar bajarildi. Va nihoyat, shofirkonliklarni xursand qiladigan ijobiy natijaga erishildi. Ushbu muammoni bartaraf etishda jurnalistlarning ham e’tibor va hissasi bor. Mana shunday katta va dolzarb ahamiyatga ega muammolarni olib chiqib, uning yechimi uchun harakat qilgan jurnalistlar bilan doim yonma-yonman va ularni doimo qo‘llab-quvvatlayman»,— dedi viloyat rahbari «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Holatga ko‘ra, Shofirkon tumanidagi «Shibirg‘on», «Sultonobod», «Do‘rmon» hamda G‘ijduvon tumanidagi «Guliston», «Ko‘lijabbor» mahallalarini kesib o‘tuvchi Abdullaxon zovuridan qizil rangli suv oqayotgani odamlarni tashvishga solib kelgan. Bu holat bir qarashda kishini seskantirib yuborar edi. Badbo‘y hid yetmaganday, zovurdan guyoki qon oqayotganday dilni xira qilardi.Odamlar mol-hollarini, tomorqa yerlarni sug‘orishda aynan shu suvdan foydalanib kelishgan. Murojaatlari natijasiz qolgan. Hatto, odamlar Abdullaxon zovuridan suv o‘rnida qon oqyapti, degan shubhaga ham borishgan.

Biroq, jurnalistlar olib borgan surishtiruvlar natijasida Abdullaxon zovuridan oqib o‘tayotgan qizil rangli suv  G‘ijduvon tumanidagi «Parvoz Humo Ravnaq» ip-yigiruv fabrikasidan oqizib yuborilayotgan chiqindi suvlar ekani aniq bo‘lgan.

Shofirkon tumanining 11 ta, G‘ijduvon tumanining 4 ta qishlog‘i aholisining og‘riqli tashvishiga aylanib qolgan, hatto, qoramollarni va ekin yerlarini sug‘orishga yaroqsiz qizil rangli suv muammosini bartaraf etish uchun deputatlar, tuman Xalq qabulxonasi mas’ullari ham say’-harakat qilishgan. Biroq, natija bo‘lmagan.

Surishtiruvlarga ko‘ra, shu vaqt davomida hududdagi paxtazor, bug‘doyzor va odamlarning tomorqa yerlari ham shu suvdan sug‘orib kelingan. Qishloqlararo oqib o‘tadigan anhorlarda to‘xtab qoladigan qizil rangli bu suvlar asta-sekin atrofga qo‘lansa hid ham tarqatib kelgan. Ekinlar qurib, qora mollar kasallangan. Bolalar ham issiq kunlarda shu ko‘lmak suvlarda cho‘milishgan.

Aniqlanishicha, hududdan 1,5 kilometrcha uzoq masofada joylashgan G‘ijduvon tumanidagi «Parvoz Humo Ravnaq» ip-yigiruv fabrikasida kimyoviy moddalar bilan yuviladigan rangli matolardan chiqqan suv kanalizatsiya orqali zovurga yo‘naltirilgan bo‘lgan. Inshootda yig‘ilgan suvlar yetarlicha tozalanmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zovurga oqizib kelingan.

2022 yilning iyul oyida holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv davomida jurnalist viloyat hokimi bilan ko‘rishgan. Va mazkur masalani bartaraf etish ishlarida shaxsan viloyat rahbarining o‘zi aralashgan. Botir Zaripov zovur suvi avvalgi holatiga qaytishini bildirgan.

1,5 gektarli yer maydonida oqova suvlarni qabul qilish inshootini barpo etish va ishga tushirish sa’y-harakati aslida, 2021 yilda boshlangan va uskunalar Ukrainaga buyurtma qilingan bo‘lgan. Biroq, Ukrainadagi ahvol sababli ish ortga surilishiga to‘g‘ri kelgan. Va buyurtmalar uchun Turkiya bilan shartnoma imzolangan.

Jurnalistik surishtiruv G‘ijduvon ip-yigiruv fabrikasida ham davom etgan.

Viloyat rahbari vaziyatni kuzatib, mas’ullarga har qanday holatda ham ip-yigiruv fabrikasi faoliyatini vaqtincha bo‘lsa ham to‘xtatib qo‘ymaslik orqali oqova suvlarni zararsizlantiradigan va ularni filtrlaydigan inshootlarni to‘liq ta’mirlash, cho‘kindilardan tozalash ishlarini zudlik bilan amalga oshirish, har ikki tomon uchun ham yechim bo‘ladigan choralarni qo‘llash zarurligi topshirig‘ini bergan. Bu bilan viloyat rahbari qiyin vaziyatga qaramay, ikki-uch minglab ishchilarning ishsiz, maoshsiz qolib ketmasligi choralarini ko‘rgan.

Shundan so‘ng bir necha kun ichida G‘ijduvon hamda Shofirkon tumanlari kesishmasidagi Abdullaxon zovurini tozalash, sizot suvlar cho‘kindisidan hosil bo‘lgan loy va balchiqlarni chiqarib tashlash ishlari bajarilgan.

«Buxoro suv ta’minoti» MChJ rahbari Shohruxali Sadilloyevning so‘ziga ko‘ra, xorijdan buyurtma asosidagi uskunalar yetib kelgunicha, bir necha oy davomida holat barqarorlashtirib turilgan. Aholiga zararsiz sug‘oruv suvlarini yetkazib berish uchun lozim bo‘lgan barcha amallar bajarilgan. 1,5 gektarli yer maydoni devorlar bilan o‘ralib, xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Viloyat hokimining so‘ziga ko‘ra, «Buxorogazsanoatqurilish» AJ maxsus montaj  va mexanizatsiya unitar korxonasi tomonidan  «G‘ijduvon» erkin iqtisodiy zonasi hududida oqova suv tarmog‘i va oqova suvlarni tozalash inshootlarida umumiy qiymati 37 milliard so‘m bo‘lgan ob’yektda loyihaga ko‘ra, 3,8 km oqova suv tarmog‘i va 1 dona oqova suv tozalash inshootini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni vaqtga qadar 3,8 km oqova suv tarmog‘i yotqizilgan. Umumiy maydoni 1,5 gektarni tashkil etuvchi inshootda oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan qurilma, oqova suvlarni haydashga mo‘ljallangan nasoslar, tozalangan maishiy oqova suvlarni ultrabinafsha nurlari bilan zararsizlantirishga mo‘ljallangan qurilma hamda texnik havo bilan ta’minlashga mo‘ljallangan kompressorlar o‘rnatilmoqda.

«Endi Shofirkon aholisi suv masalasida hech qanday og‘riqli muammoga duch kelishmaydi. Ushbu masalani bartaraf etish uchun olib borilayotgan ishlar jarayonida vaziyatni va shart-sharoitlarni to‘g‘ri tushunib, 8 oy davomida sabr va qanoat bilan bizni qo‘llab-quvvatlagan aholiga, shunday dolzarb muammoni olib chiqib, uning yechimi uchun jon kuydirgan jurnalistlarga minnatdorlik bildiraman»,— dedi Botir Zaripov.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring