Isroil qamoqxonalarida qancha falastinlik bola bor?
Isroil qamoqxonalarida kamida 270 nafar bola ushlab turilibdi. Bu haqda TRT nashri Falastinning mahbuslar ishlari bo‘yicha idorasiga tayanib xabar berdi.
«Ishg‘olchi hukumat asosan Ofer va Megiddo qamoqxonlarida kamida 270 nafar bolani ushlab turibdi», – deyiladi mahbuslar ishlari bo‘yicha idora bayonotida.
Qayd etish joizki, bu raqam Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektorida qo‘lga olingan voyaga yetmagan bolalarni qamramaydi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Isroil qamoqxonalarida falastinlik bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy qiynoq qo‘llangan.
BMT hisob-kitobiga qaraganda, 2008 yildan 2023 yilning 6 oktyabriga qadar Isroil harbiylari hujumlari tufayli 1434 nafar falastinlik bola halok bo‘lgan, 32175 nafari jarohatlangan.
2000-2023 yillar mobaynida Isroil tomonidan qamoqqa olingan bolalar soni esa 13 mingga yetgan.
Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon o‘tgan bir yil oshiq vaqt mobaynida 44 ming falastinlik halok bo‘ldi. Ular orasida ayollar va bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni «bolalarga qarshi urush» deb atagan.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.
BMT joriy yil iyun oyida e’lon qilgan surishtiruvda G‘azo sektorida aholi, xususan, bolalar qasddan qirib tashlanayotgani bayon qilingan.
YuNISEF xulosasiga ko‘ra, bir yildan buyon davom etayotgan urush tufayli G‘azo sektoridagi yuz minglab bolalar o‘qish, o‘ynash tugul tinch-osoyishta uxlash ne’matidan ham mahrum qolmoqda.
Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti yozishicha, 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.
Kuni kecha falastinlik bolalar ochlik tufayli hayvonlar ozuqasini ham yeyishga majbur bo‘layotganini aytgan AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib G‘azoga insonparvarlik ko‘magini yetkazish va’dasida turmagani uchun Davlat kotibi Entoni Blinkenni iste’fo berishga chaqirgandi.
Joriy yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.
Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli bolalar ochlik tufayli ham dunyodan ko‘z yumayotgani, Isroil ochliklan qurol sifatida foydalanayotgani haqida bong urmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter