Onlayn kredit firibgarligi qurbonlaridan qarz undirish to‘xtatiladi
Onlayn kredit olish jarayonida firibgarlikka uchragan fuqarolardan kredit va u bilan bog‘liq foizlarni undirish vaqtincha to‘xtatiladi.
Adliya vazirligi Markaziy bank bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Kredit va to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3759, 2026 yil 21 yanvar).
Nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti mazkur onlayn kredit bo‘yicha qarz va foizlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatadi.
Shu bilan birga, kredit tashkiloti frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirish huquqiga ega.
Agar kredit tashkiloti onlayn kredit rasmiylashtirish jarayonida frod holatiga shubha qilsa, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga shikoyat kiritishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarorlari asosida frod holati tasdiqlanmasa, kredit tashkiloti onlayn kredit va unga tegishli foizlarni hisoblash hamda undirishni davom ettiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter