Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onlaynda 115 mln so‘m o‘g‘irlagan «kapitan» qo‘lga olindi

Onlaynda 115 mln so‘m o‘g‘irlagan «kapitan» qo‘lga olindi

Foto: Xabar.uz

– Assalomu alaykum. Fuqaro Nodira Sobirova (ism-sharif o‘zgartirilgan) bilan gaplashyapmanmi?

– Vaalaykum assalom. Shunday!

– Men huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi, kapitan Malikovman. Qo‘l telefoningiz xavfsizligi muhofazalanmagan. Bu o‘zingiz va boshqa yaqinlaringizga turli muammolar tug‘dirishini ko‘rsatadi. Ayni paytda tezkor profilaktik nazorat ishlarini olib bormoqdamiz. Zudlik bilan telefon raqamingizga SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini aytishingiz lozim.

Notanish shaxs o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, ishonchli va qat’iy ohangda gapirganligi sababli fuqaroda unga nisbatan hech qanday shubha uyg‘otmagan. Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi 54 yoshli ayol vaziyatning xavfli ekanini anglab yetmagan holda ushbu kodlarni oshkor qiladi.

Xuddi shu soniyada notanish shaxs Nodira Sobirovaning shaxsiy axborot tizimiga noqonuniy ravishda kirib, uning hisob raqamidagi pullarni o‘z ixtiyoridagi plastik kartalarga o‘tkazib olishga muvaffaq bo‘ladi va unga 115 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazadi.

Holat haqida «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xodimi, kapitan Murodjon Rahmatulloyevning aytishicha, oradan ko‘p soniya o‘tmay, plastik raqamidagi pullarning yechib olingani haqida kelgan xabarni o‘qigan fuqaro zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, sodir bo‘lgan voqea yuzasidan ariza qoldirgan. Hodisa bo‘yicha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir amalga oshirilgan.

Tekshiruvlar davomida jabrlanuvchining hisobidan o‘tkazilgan pul mablag‘lari Navoiy shahrida yashovchi fuqaro  Ch.R. hamda Xorazm viloyati, Xonqa tumanida yashovchi Sh.Z.  nomidagi plastik kartalarga tushganligi aniqlangan.

Surishtiruv jarayonida yana bir muhim holat fosh etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur plastik kartalar firibgar tomonidan oldindan rejalashtirilgan tarzda ochilgan. U turli bank muassasalariga bir nechta fuqarolarni olib borib, ularning nomiga jami 10 ga yaqin Humo va Uzcard plastik kartalarini ochtirgan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi fuqaro Toshkent shahridagi mardikor bozoriga borgan va huquqiy bilim, hayotiy tajribasi yetarli bo‘lmagan, moddiy ehtiyojda yashayotgan yoshlarni ataylab tanlab olgan. Ularni, go‘yoki, oson pul ishlash taklifi bilan o‘ziga jalb etib, har biriga xizmati uchun 150 ming so‘m evaziga banklarga borib, o‘z nomlariga plastik kartalar ochib, rasmiylashtirishlarini so‘ragan. Yosh yigitlarga «xizmat haqi»ni to‘lagan va rasmiylashtirilgan kartalarni o‘z yonida qoldirgan.

Onlayn tarzda vobkentlik ayolni «chuv» tushirgan bu shaxs davlat raqami 01 V 343 QB bo‘lgan qora rangli «Malibu» avtomashinasida Toshkent shahrining turli hududlaridagi pul ayirboshlovchi bankomatlardan qora kurtka, bosh kiyim va oq niqob taqqan holda jabrlanuvchining hisobidan o‘tkazilgan pul mablag‘laridan 94 million so‘m pulni naqdlashtirib olgan.

«O‘z xatti-harakatlari jarayonida kameralardan yuzini berkitishga uringan bu shaxs avtomashina raqamini yashirishni unutgan. Bu esa tezkor xodimlarga jinoyatchini rad etib bo‘lmas dalillar bilan qo‘lga olishda yordam berdi. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi asli samarqandlik 26 yoshli fuqaro S.M. ekanligi aniqlandi. U o‘z jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga qochib ketayotgan vaqtida Toshkent shahridagi aeroportda ushlanib, qamoqqa olindi», — dedi Murodjon Rahmatullayev.

Hozirda fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchining shu va shunga o‘xshash jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring