Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin hokimiyatdan ketsa, unga boshpana berishi mumkin bo‘lgan yagona davlat aytildi

Putin hokimiyatdan ketsa, unga boshpana berishi mumkin bo‘lgan yagona davlat aytildi

M.Kasyanov V.Putinning birinchi prezidentlik muddatida, 2000-2004 yillarda hukumatni boshqargan.

Foto: Kreml matbuot xizmati

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkin, deb hisoblaydi mamlakat sobiq bosh vaziri, muxolifatdagi siyosatchi Mixail Kasyanov.

M.Kasyanovning ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon bilan suhbatda ta’kidlashicha, Putinga bunday taklif berilishi elga dasturxon qilinmaydi, albatta, ammo parda ortida shu ruhda muzokaralar kechishi ehtimoli mavjud.

«O‘ylaymanki, unga shunday taklif bilan murojaat qilinadi. Bu uning hokimiyatdan ketishi, Rossiyada boshqaruv tizimi o‘zgarishi omili bo‘ladi. Buning uchun esa Putin ketishi kerak. U ketishi uchun esa kafolat taklifi berilishi lozim», – deydi muxolif siyosatchi. 

Sobiq bosh vazirga ko‘ra, Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlatdir.

V.Putin Rossiyani 2000-yildan beri idora etib keladi (2008-2012-yillarda u bosh vazir lavozimida oliy boshqaruvda qatnashgan). 2018-yilda u to‘rtinchi muddatga prezident sifatida saylandi. 2020-yilda mamlakat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, V.Putin 2036-yilga qadar davlat rahbari lavozimida qolishi mumkin.

So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi mag‘lubiyat va muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozmoqda. Ba’zi ekspertlar esa Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ilgari surmoqda.

Yana ayrim nashrlar Rossiya prezidentining og‘ir kasal ekanini iddao qilib, «xotima yaqin» ekanidan bahs etmoqda.

M.Kasyanovning o‘zi avvalroq Kreml xo‘jayini siyosiy reallikdan uzilib qolgani, shu vajdan aql bovar qilmas ishlarga qo‘l urayotganini aytgan edi.

Kecha, 10-noyabr kuni Bloomberg ham Putinning Ukrainada g‘alaba qozonish imkoniyati tugagani haqida yozdi. Nashrga ko‘ra, rus armiyasining Ukraina janubidagi Xerson shahridan chekinishi katta muvaffaqiyatsizlik hisoblanadi. Rossiya rahbarining kelgusi hafta Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga bormaslik qarori esa uning xalqaro maydondagi nufuzi pasayib borayotganidan dalolat beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring