Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tehron ayrim mintaqa davlatlari bilan Ho‘rmuz bo‘yicha kelishuv tuzmoqchi

Tehron ayrim mintaqa davlatlari bilan Ho‘rmuz bo‘yicha kelishuv tuzmoqchi

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi tashabbus bilan chiqdi. Mamlakat hukumati huzuridagi axborot kengashi rahbari Elias Hazratiy bayonotiga ko‘ra, Tehron Yevropa, Osiyo va arab davlatlari bilan mazkur strategik dengiz yo‘lidan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar tuzishga tayyor.

Uning ta’kidlashicha, Eron hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan va undan foydalanish tartibini xalqaro kelishuvlar asosida belgilash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Shu maqsadda, neft va gaz tashishda mazkur yo‘ldan faol foydalanuvchi davlatlarga rasmiy taklif yuborilishi mumkin.

Ma’lumki, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon neft va suyultirilgan gaz ta’minoti uchun eng muhim tranzit nuqtalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi harbiy to‘qnashuvlar ortidan bu hududdagi kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa global energiya bozorida jiddiy tebranishlarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp bu masala yuzasidan boshqa pozitsiyani ilgari surdi. Uning aytishicha, mojaro yakunlanganidan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovini tiklash asosan ushbu yo‘ldan foydalanuvchi davlatlar zimmasiga tushadi. Tramp, shuningdek, AQSh mazkur yo‘l orqali ta’minotga muhtoj emasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng mintaqadagi vaziyat keskinlashgan edi. Javob zarbalari va o‘zaro hujumlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni izdan chiqarib, xalqaro savdo yo‘llariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Mutaxassislar fikricha, Eronning bu tashabbusi mintaqadagi yangi geosiyosiy va iqtisodiy tartibni shakllantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring