“Yevropa AQShning quli emas!” – Yunker Trampni o‘pkasini bosib olishga chaqirdi
Yunker Trampning birinchi prezidentlik davrida uni murosa yo‘liga sola bilgan edi.
Taniqli siyosiy arbob Jan-Klod Yunker Yevropa Ittifoqi AQShning yangi mustamlakachilik siyosati bilan murosa qilmasligi lozim deb hisoblaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun diplomatik va siyosiy bosimlarni kuchaytirayotgan bir paytda Davos shahridagi Butunjahon iqtisodiy forumini ham yevropaliklar sarosimali kayfiyatda o‘tkazdi.
Dunyo siyosati oqsoqollaridan biri, 2014-2019 yillarda Yevropa komissiyasiga rahbarlik qilgan Jan-Klod Yunker fikricha, Yevropa Ittifoqi ham AQShga ta’sir ko‘rsatish borasida yetarlicha kuch-quvvatga ega.
“Biz AQSh iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘z ixtiyorimizdagi vositalardan foydalanishimiz mumkin. Agar zarurat tug‘ilsa, bunday mexanizmlarni hech tortinmay ishga tushirishimiz kerak”, – degan Yunker Euronews telekanaliga bergan intervyusida.
Bu o‘rinda Yevrokomissiyaning sobiq rahbari YeI tomonidan do‘st bo‘lmagan mamlakatlarga qarshi iqtisodiy shantaj sabab qo‘llanadigan savdo cheklovlari va yagona Yevropa bozoriga kirish yo‘lini yopishni nazarda tutmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham AQSh rahbari Donald Trampning Grenlandiyani dastaklagan davlatlarga boj joriy etish haqidagi tahdidiga javoban tinchlikni ta’minlash masalasida Fransiya va Yevropaga qo‘rqitish yoki po‘pisa bilan ta’sir ko‘rsatish mumkin emasligini ta’kidlagan edi.
Makron ham Jan-Klod Yunker kabi zarur bo‘lsa AQShga nisbatan iqtisodiy-moliyaviy cheklovlarni qo‘llash lozimligini aytmoqda.
Trampning birinchi prezidentlik davrida Yevropa komissiyasi rahbari vazifasida ishlagan Jan-Klod Yunker u bilan til topishish borasida tajribaga ega. 2018 yilda Tramp Yevropaga qarshi savdo urushi boshlamoqchi bo‘lganida Yunker ziddiyatni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ammo uning fikricha, hozirgi vaziyat 2018 yildagidan keskin farq qiladi, endilikda Tramp bilan do‘stona ohangda gaplashish imkonsiz va u sog‘lom mulohazalarni tinglamaydi ham. Shunga ko‘ra u YeI rahbariyatini AQSh qarshisida qat’iyatli bo‘lishga undamoqda. “YeI AQShning quli emas!” deb ta’kidlaydi Yunker.
Tramp Grenlandiyani nazoratga olish uchun har qanday vosita ishga solinishini ta’kidlab, NATOdagi ittifoqchilari va YeI rahbariyatiga bosim o‘tkazmoqda.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte prezident Trampga Grenlandiya atrofidagi mojaroni yumshatish uchun Daniya bilan yangi kelishuv tuzish taklifini bildirgan.
Ingliz matbuoti xabariga ko‘ra, asli tujjor bo‘lgan Tramp Grenlandiya aholisini ko‘tarasiga sotib olish imkoniyatini ham istisno etmayotir.
Ayni paytda Trampning ittifoqchilikka xos bo‘lmagan harakatlaridan nafaqat YeIning sobiq ma’muriyati, amaldagi rahbariyati ham xavotir va g‘azabda.
“Biz hamkorlar va ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlar samimiyat va hurmat asosida bo‘lmog‘i lozim deb hisoblaymiz. Yevropa Ittifoqi o‘z manfaatlarini himoya qilish, o‘zini, a’zo davlatlarni, o‘z fuqarolari va kompaniyalarini har qanday shakldagi majburlov harakatlaridan himoya qilishda davom etadi. Bu borada kuch va vositalarga ega va zaruriyat tug‘ilsa ularni ishga soladi”, – deb bayonot berdi Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta 22 yanvar kuni.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham YeI iqtisodiy qudratini oshirishi hamda AQShga qaram bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter