Tramp Yaponiya borasida kutilmagan bayonot berdi
Tramp va Takaichi Yokosukadagi AQSh harbiy bazasida. 2025 yil 28 oktyabr.
Bugun, 8 fevral kuni Yaponiyada parlament saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Saylov arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp kutilmagan bayonot berdi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qat’iy ravishda yaponlarni amaldagi bosh vazir Sanae Takaichi hamda uning Liberal-demokratik partiyasi a’zolariga ovoz berishga chaqirdi.
“Bosh vazir Sanae Takaichi o‘z mamlakatini chindan sevadigan kuchli, ta’sirli va donishmand yetakchi ekanini allaqachon isbotladi. Men bosh vazir Takaichi bilan (joriy yil) 19 mart kuni Oq uyda uchrashishni intiqlik bilan kutmoqdaman... U Yaponiya xalqi ishonchini oqlamay qo‘ymaydi”, – deb yozdi Tramp.
Bunga qadar Yaponiyada o‘tgan saylovlar arafasida AQShning biror bir prezidenti Tramp kabi ochiq qo‘llab-quvvatlovni bildirmagan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoyga nisbatan keskin siyosati hamda mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishga intilayotgani sabab Oq uyning amaldagi xo‘jayiniga ma’qul kelmoqda. Ikkinchi prezidentlik muddati davomida NATO va Yevropa Ittifoqi kabi ittifoqchilariga nisbatan keskin, hatto haqoratli fikrlar bildirgan Tramp Yaponiya borasida bunday yo‘l tutmaganini ham qayd etish lozim.
Trampning saylov arafasidagi bayonoti Yaponiyadagi so‘l muxolifatni darg‘azab qildi. Ular bu chiqishni mamlakatning ichki ishlariga aralashuv deb tanqid qilmoqda. Iqtidordagi Liberal-demokratik partiya esa Trampning bayonoti yuzasidan ochiq munosabat bildirmagan, ammo bundan mamnun ekanini taxmin qilish mumkin.
The Japan Times gazetasi yozishicha, Takaichi partiyasi Trampning siyosiy dastagisiz ham bugungi saylovda g‘alaba qozonish imkoniga ega.
Asahi Shimbun nashri ham Takaichi boshchiligidagi koalitsiya saylovda ishonchli g‘alaba qozonishi haqida yozmoqda.
Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Liberal-demokratik partiya hamda uning ittifoqchisi – Yaponiya innovatsiya partiyasi quyi palatadagi 465 o‘rindan 300 ga yaqinini qo‘lga kiritishi va shu tariqa ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishi mumkin.
“Saylovda ishonchli g‘alaba yaqin istiqbolda Takaichining hokimiyatdagi pozitsiyasini mustahkamlaydi va unga Tramp bilan kelgusi uchrashuvda ko‘proq ta’sir kuchini beradi”, – deb yozmoqda Asahi Shimbun.
Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, yaponiyaliklar Trampning qo‘pol va keskin xulq-atvorini xushlamaydi, ammo AQSh bilan munosabatlar muhimligi inobatga olinsa, uning so‘nggi bayonoti Takaichining diplomatik yutug‘i sifatida baholanishi mumkin.
Avval xabar berganimizdek, bosh vazir Takaichi hukumatga kelganidan uch oy o‘tib, joriy yil 23 yanvar kunidan e’tiboran parlamentni tarqatib yubordi va muddatidan oldin – 8 fevral kuni saylov o‘tkazilishini e’lon qildi.
Muddatidan oldin saylov orqali Sanae Takaichi parlamentdagi o‘z koalitsiyasi ko‘pchilik o‘rin egallashi, shu orqali siyosiy dasturini amalga tatbiq etish uchun umumxalq ma’qulloviga erishishni ko‘zlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Takaichi 2025 yil oktyabrda mamlakat tarixida ilk ayol bosh vazir sifatida hukumat tepasiga kelgan edi.
Parlamentning quyi bo‘g‘ini – Vakillar palatasi 23 yanvar kuni tarqatib yuborilgunga qadar Sanae Takaichi raisligidagi Liberal-demokratik partiya 196 ta mandatga, Yaponiya innovatsiya partiyasi esa 34 mandatga ega edi. Shu tariqa iqtidordagi koalitsiya qonunchilik idorasida jami 230 o‘rinni band qilgandi.
Ro‘yxatga olingan 1200 dan ziyod nomzod 465 ta mandat uchun kurashadi. 289 ta deputatlik o‘rni bir mandatli okrug, 176 tasi esa proporsional ro‘yxat asosida taqsimlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter