Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yong‘in chiqqan bino «Korzinka»niki emas — Zafar Hoshimov

Yong‘in chiqqan bino «Korzinka»niki emas — Zafar Hoshimov

Videodan skrinshot

Bugun Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Parkent yo‘li ko‘chasida joylashgan «Korzinka» supermarketida yong‘in chiqqani haqida videoxabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Voqeaga birinchilardan bo‘lib «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov oydinlik kiritib, rasmiy bayonot berdi.

«Bugun, 2026-yil 31-yanvar kuni, Maxtumquli ko‘chasida joylashgan «Aviator» savdo-ko‘ngilochar markazida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in o‘chog‘i binoning ikkinchi qavatida, boshqa ijarachilar hududida aniqlandi.

«Aviator» savdo markazining birinchi qavatida joylashgan «Korzinka» supermarketi ijara huquqi asosida faoliyat yuritadi, ushbu bino «Korzinka»ga tegishli emas. Yong‘in «Korzinka» do‘koni hududidan tashqarida yuz berdi va supermarketning yong‘in kelib chiqishiga aloqasi yo‘q.

Yong‘in aniqlangach, darhol barcha ko‘zda tutilgan xavfsizlik choralari ko‘rildi. Mijozlar va do‘kon xodimlari tezlik bilan xavfsiz joyga ko‘chirildi. Supermarket xodimlari va mijozlari orasida jabrlanganlar yo‘q.

Voqea joyiga zudlik bilan o‘t o‘chirish xizmati bo‘linmalari yetib keldi. Yong‘in o‘rab olindi, hozirda mutaxassislar zaruriy ishlarni davom ettirmoqda va hodisa sabablarini aniqlamoqda.

«Korzinka» favqulodda vaziyat xizmatlari va tegishli idoralar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy tasdiqlangan sayin taqdim etib boriladi».

Hodisa yuzasidan FVV ham rasmiy xabar berdi.

Unda ta’kidlanishicha, bugun, 31-yanvar kuni soat 15:47 da Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Parkent yo‘li ko‘chasida joylashgan «Aviator» savdo majmuasida yong‘in bo‘layotganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borib, birinchi navbatda bino ichidagi barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan. Yong‘in soat 16:50 da qurshab olinib, soat 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in o‘chirish ishlari Favqulodda vaziyatlar vaziri rahbarligida amalga oshirilgan.

Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sabablari va zarar miqdori aniqlanmoqda.

P.S. FVV bergan so‘nggi xabarga ko‘ra, yong‘indan so‘ng olib borilgan dastlabki o‘rganish ishlari davomida vayronalar ostida bir kishining jasadi topilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring