Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin maxfiy gapning uchini chiqardi

Putin maxfiy gapning uchini chiqardi

5 iyun kuni Sankt-Peterburgda xalqaro axborot agentliklari vakillari bilan uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirda rus qamog‘ida tutib turilgan amerikalik jurnalist Evan Gershkovich taqdiriga oid savolga ham javob qaytardi.

AP axborot agentligi vakili Oq uyning E.Gershkovichni ozod qilish masalasida Rossiya bilan muzokaralari natijasi xususida so‘ragan.

Kreml xo‘jayini bunga javoban Vashington bu borada faol harakat qilayotgani, ammo masala maxfiyligi vajidan tafsilotlar ochiqlanmasligini aytgan.

«Qo‘shma Shtatlar uni ozod qilish bo‘yicha qizg‘in qadamlar tashlayapti. Bu haqiqat. Ammo bunday masalalar ommaviy axborot vositalari orqali hal etilmaydi. U tinch, osoyishta ravishda professional yondashuv va maxsus xizmatlar o‘rtasida muloqotni talab etadi», – degan siyosatchi.  

Mahbuslar almashuvi ikki tomonning mushtarak manfaatiga asoslanishi lozimligini urg‘ulagan Putin e’tirozlarga qaramay, Rossiya jurnalist Evan Gershkovichni aybdor deb bilishini qayd etgan.

«Siz u mutlaqo aybsiz deysiz. Ammo Rossiya huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlar u josuslik deb atalgan g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etgan deb hisoblaydi. Tafsilot va detallarga chuqur kirish niyatim yo‘q», – degan Rossiya rahbari.

Avval xabar berganimizdek, «The Wall Street Journal» nashrining Moskvadagi byurosi xodimi Evan Gershkovich 2023 yil 30 mart kuni Yekaterinburg shahrida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan. U josuslikda ayblanmoqda.

32 yoshli jurnalistning advokatlari u bunday ayblovni tan olmasligini bildirgan. AQSh hukumati ham jurnalistning qamoqqa olinishini noqonuniy deb atagan.

Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya rasmiylari bilan muloqotlarda Gershkovichni ozod qilishni talab etib keladi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, jurnalistning qo‘lga olinishi ortida shaxsan Rossiya prezidenti turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring