BMT Isroilni qora ro‘yxatga kiritdi
BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda Isroil rasmiylariga bildirgi yo‘llangan.
Ushbu xabar rasman kelgusi hafta juma kuni BMT Xavfsizlik kengashiga taqdim etiladigan hisobotda ma’lum qilinadi.
BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.
Rasmiy Tel-Aviv odatdagidek BMTning bu qarorini qoralab, «Isroil armiyasi dunyodagi eng axloqi yuksak armiya» ekani haqida bayonot bergan. Ammo BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar boshqacha fikrda.
Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon urush davomida 36801 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning 15 ming nafari bolalardir.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, G‘azo sektorida har 10 daqiqada bir bola halok bo‘lmoqda yoki jarohatlanmoqda.
Isroil bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga tirkalgani haqida xabar mazkur davlat armiyasi G‘azo sektoridagi maktabga raketa zarbasi yo‘llagan va oqibatda kamida 40 kishi, jumladan, 14 nafar bola halok bo‘lgan sanaga to‘g‘ri kelmoqda.
Isroil armiyasi kecha, 8 iyun kuni G‘azodagi Nuseyrat qochqinlar lageriga uyushtirgan hujumda ham kamida 210 kishi halok bo‘lgan.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni «bolalarga qarshi urush» deb atagan.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.
Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli bolalar ochlik tufayli ham dunyodan ko‘z yumayotgani, Isroil ochliklan qurol sifatida foydalanayotgani haqida bong urmoqda. Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa zaharlanish va boshqa yuqumli xastaliklar xavfini oshirmoqda.
17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.
Haagadagi Xalqaro sud 2024 yil 26 yanvar kuni qabul qilgan qarorga asosan, Isroilga G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklangan.
Ammo Falastin tomoni Isroil xalqaro mahkama qaroridan keyin ham gumanitar ko‘mak kelishiga to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda.
Aslida, BMT 2022 yilda Isroilni bolalar huquqlarini buzuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritishga uringan. 2021 yil yakuniga ko‘ra, Falastin hududida 78 nafar bola o‘ldirilgan, 982 nafari jarohatlangan. O‘shanda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar takrorlansa, u qora ro‘yxatga kiritilishi haqida ogohlantirgan edi.
Bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar hamda guruhlar ro‘yxatiga turli davrlarda Suriya, Myanma, Sudan, Kongo davlatlari, «Al-Qoida», IShID kabi terrorchi tashkilotlar kiritilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter