Yevrokomissiya Rossiyani “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Bu nimani anglatadi?
Yevropa komissiyasining Bryusseldagi idorasi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasini rasman noqonuniy ravishda pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi. Hozirga qadar ushbu ro‘yxatga Shimoliy Koreya, Eron, Afg‘oniston, Yaman, Suriya kabi davlatlar kiritilgan edi.
Yevropa komissiyasining RFga oid qarori 2025-yil 3-dekabr kuni qabul qilingan edi.
Yevropa parlamenti va Yevropa kengashi e’tiroz bildirmagani ortidan mazkur hujjat joriy yil 29-yanvardan rasman kuchga kirdi.
YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ushbu chora Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishini qiyinlashtirajagini aytgan.
«O‘ylaymanki, Rossiyani real ma’noda muzokara stoliga o‘tirishga majburlash uchun har qanday usullarni qo‘llash kerak», — degan Kaya Kallas.
Yangi tartibning kuchga kirishi Rossiyaga aloqador barcha moliyaviy amaliyotlar avtomatik ravishda taqiqlanishini anglatmaydi. Ammo moliyaviy amaliyotlar butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab — banklar, sug‘urtachilar, riyeltorlar va boshqa vositachilar tomonidan kuchli tartibda taftish, monitoringdan o‘tkaziladi.
Ekspertlarga ko‘ra, yangi tartib YI hududida yashayotgan va YI moliyaviy tizimidan foydalanayotgan rossiyaliklarga ham ta’sir etadi. Shuningdek, YI hududiga kirmoqchi bo‘lgan rossiyaliklarda ham muammolar tug‘iladi.
«Rossiyaning “qora ro‘yxat”ga qo‘shilishi bevosita, shuningdek, turli niqob va uchinchi shaxslar nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirayotgan Rossiya subyektlariga nisbatan monitoring jarayonlarini qattiqlashtiradi. Rossiyalik bo‘lish yoki rossiyaliklarga aloqadorlik endi Yevropa Ittifoqida yetarlicha muammoli, ular xoh jismoniy, xoh yuridik shaxs bo‘lsin, pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish predmetiga nisbatan tekshiriladi», — deb yozdi o‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov.
O‘tgan yillarda YI ushbu masalada Pul yuvishga qarshi moliyaviy choralar ishlab chiqish guruhi (Financial Action Task Force — FATF) ro‘yxatiga tayanib kelgan edi. 2023-yilda FATF Rossiyaning a’zoligini to‘xtatgan, ammo Xitoy, Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar e’tirozi sabab Rossiyani “qora ro‘yxat”ga tirkamagan edi.
Endilikda YI o‘zining pul yuvishga qarshi tuzilmasi (Anti-Money Laundering Authority — AMLA) taqiqlariga tayanmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, yangi tartib kuchga kirishi va Rossiya bilan bog‘liq moliyaviy amaliyotlar sinchkovlik bilan tekshirilishi ortidan sanksiyalarni aylanib o‘tish bilan bog‘liq holatlar ham fosh etilishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlangan 2022-yil 24-fevraldan keyin YI Moskvaga nisbatan ko‘plab sanksiya va moliyaviy cheklovlarni joriy qildi.
Avval xabar berganimizdek, YI Kengashi 2027-yildan Rossiyadan gaz importini to‘liq taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunni ham tasdiqladi.
Ukrainada urush boshlanishidan oldin Rossiya YIga yetkazib berayotgan gaz ulushi 40 foizdan oshiq bo‘lgan. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 13 foizgacha kamaygan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter