O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi tezkor-profilaktik oylik e’lon qilindi (video)
2026-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahrida «Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishiga qarshi kurashish» mavzusida matbuot anjumani va yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Mahalla uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Matbuot anjumanida hozirda giyohvandlik va narkojinoyatchilik nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global xavf hisoblanishi, ayniqsa, yoshlar orasida narkotiklar iste’moli yoki narkojinoyatlarga aralashish holatlari yil sayin ortib borayotgani qayd etib o‘tildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda respublikada giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 15 412 ta jinoyat va 1 956 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi. Eng ko‘p uchraydigan jinoyatlar: giyohvandlik vositalarini o‘z iste’moli uchun saqlash (41 foiz), qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish (36 foiz) va taqiqlangan ekinlarni yetishtirish (13 foiz).
Narkojinoyatlarning 53 foizi Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Tezkor tadbirlar natijasida 3,413 tonna narkotik va psixotrop moddalar musodara qilindi. Eng ko‘p tarqalgan moddalar — «gashish» (48 foiz) va «opiy» (27 foiz).

Shuningdek, 14 ta yashirin narkolaboratoriya aniqlanib, 75 kg giyohvandlik vositalari musodara qilindi. 11 049 nafar shaxs javobgarlikka tortildi, shular orasida maktab o‘quvchilari 59, talabalar 124 nafarni tashkil etdi.
Matbuot anjumanida respublikadagi narkovaziyat va oylik doirasida yoshlar orasida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, maxsus targ‘ibot tadbirlari yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi immunitetini oshirish hamda ushbu illatlarning salbiy oqibatlaridan ogohliklarini ta’minlashga xizmat qiladi.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter