Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro sudga Isroil borasida shoshilinch talabnoma yuborildi

Xalqaro sudga Isroil borasida shoshilinch talabnoma yuborildi

Janubiy Afrika Respublikasi Haaga shahridagi Xalqaro sudga Isroilning Rafah shahridagi harakatlari yuzasidan shoshilinch talabnoma yubordi.

Isroil 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan Rafah shahrida keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazmoqchi.

JAR rahbariyati esa xalqaro mahkamadan Isroilning falastinliklar uchun so‘nggi boshpana bo‘lgan shaharda amaliyot o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.

«Sud G‘azoda falastinliklarning haq-huquqlari poymol etilishi oldini olish uchun o‘z vakolatlaridan foydalanishi kerak», – deyiladi JAR prezidenti matbuot xizmat tarqatgan xabarda.

Talabnomada qayd etilishicha, Rafahda harbiy amaliyot o‘tkazilishi misli ko‘rilmagan qurbonlar va talafotlarga olib keladi. Qolaversa, bu Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaning ochiq buzilishi sanaladi.

Avval xabar berganimizdek, 2023-yil 29-dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.

Yahudiy davlati harbiylari 1948-yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.

Xalqaro sud 2024-yil 26-yanvar kuni qabul qilgan qarorga asosan, Isroilga G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklangan.

JAR rahbariyatiga ko‘ra, Rafahda harbiy amaliyot o‘tkazilishi 26-yanvar kungi qarorga ham ziddir.

JARning 50 ga yaqin huquqshunoslari Xalqaro sudga AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlari ustidan ham da’vo bilan murojaat qilmoqda. Ularga ko‘ra, Falastin hududlarida sodir etilgan harbiy jinoyatlarga Vashington va London ham sherikdir. 

So‘nggi kunlarda dunyo hamjamiyati Isroil armiyasining Rafahga hujumi oqibatlarini muhokama qilmoqda. Xalqaro tashkilotlar Tel-Aviv ma’muriyatini yuz minglab falastinlik qo‘nim topgan mazkur shaharga hujum ommaviy qirg‘inga olib kelishidan ogohlantirgan.

Rafahga hujum rejasini Isroilning yaqin ittifoqchilari ham ma’qullamagan. Jumladan, AQSh Isroil falastinlik tinch aholi vakillari xavfsizligini ta’minlamas ekan, Rafahdagi harbiy amaliyot qo‘llab-quvvatlanmasligini bildirgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Rafahdagi falastinliklarni oshig‘ich ravishda ko‘chirish haqidagi buyrug‘ini tanqid qildi.

«(Falastinliklarni) qayerga ko‘chirishmoqchi? Oygami? Buncha odamni qayerga evakuatsiya qilish mumkin?» – deya savol qo‘ygan yuqori martabali diplomat.

G‘azoda to‘rt oydan buyon davom etayotgan urushda kamida 28576 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 68291 kishi jarohatlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring