Farg‘onada aholi o‘rtasida turli vahimalarga sabab bo‘lgan jinoiy guruh ustidan hukm o‘qildi
Farg‘ona shahrida bezorilik jinoyatlarini sodir etib, jamiyatda zo‘ravonlik bilan ustun mavqega ega bo‘lish maqsadida bir necha epizodda jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar qilmoqda «O‘zA».
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Toshloq tuman sudi tomonidan Farg‘ona shahar hududida aholi o‘rtasida turli vahima va e’tirozlarga sabab bo‘lgan bir nechta bezorilik jinoyatlarini sodir etgan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, o‘zining kuch-qudratiga haddan tashqari ishongan Inom Ismailov, Bekzod Mirahmedov, Bunyod Mirahmedov va muqaddam bezorilik jinoyatini sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan jazo o‘tayotgan Hayitboy Ashiraliyevlar 2018-yil 9-aprel kuni Bobur Ismailovni Farg‘ona tumani hududida joylashgan adirlikka olib borib, hech bir sababsiz uni urib-do‘pposlab, o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlar. Bu ham yetmagandek, ularni ajratmoqchi bo‘lgan fuqaro Z.Isroilov boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtomashina oynasini o‘zlari bilan olib borgan temir zanjir bilan urib sindirib, shikast yetkazishgan.
Bundan tashqari, I.Ismailov, H.Ashiraliyev bu safar o‘zlariga sportning yakka kurash turi bilan shug‘ullangan Davronbek Mamajanovni sherik qilib, 2018-yil 24-aprel kuni Farg‘ona shahar Obihayot ko‘chasida joylashgan T.G‘ofurovga tegishli «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish» ustaxonasiga kelgan. Shu joyda I.Ismailov, H.Ashiraliyev, D.Mamajanov ustaxonaga kelgan fuqarolarga o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yish uchun hech bir sababsiz, avtomashinasini ta’mirlatish uchun kelgan fuqaro S.Yangiboyevni urib-do‘pposlaganlar. Shu ustaxonada ishlovchi D.Abdullayev I.Ismailov, H.Ashiraliyev va D.Mamajanovlarning ushbu bezorilik harakatini oldini olish chorasini ko‘rmoqchi bo‘lganida uni ham do‘pposlashgan.
Bundan tashqari, I.Ismailov, Bunyod Mirahmedov, Bekzodjon Mirahmedov, H.Ashiraliyev, D.Mamajanov 2018-yil 24-aprel kuni kech soat soat 21:00 larda Farg‘ona shahridagi «Nazirali ota» choyxonasi yoniga kelgan. Shu yerda A.Otajonov ularga fuqaro T.G‘ofurovga qarashli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida ilgari bo‘lgan janjal bo‘yicha kelishtirib qo‘yish va kelgusi janjallarini oldini olish yuzasidan gapirayotgan paytda uni ham hech bir sababsiz urib do‘pposlaydi.
Bundan tashqari, I.Ismailov bu safar Bunyod Mirahmedov bilan birga pichoq va boshqa temir jismlar bilan qurollanib, 2018-yil 24-iyun kuni kech soat 22-00 larda Farg‘ona shahar Yurtparvar ko‘chasidagi 10-uy oldidan yurib borayotgan N.Boymurotovdan avtomashinaga chiqishini talab qilishgan. Shu vaqtda ular oldiga kelgan fuqaro G‘.Muxtorovni hech bir sababsiz urib, unga ham tan jarohati yetkazilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Toshloq tumani sudining hukmi bilan Inom Ismailov, Bekzod Mirahmedov, Bunyod Mirahmedov, Hayitboy Ashiraliyev, Davronbek Mamajonovlar yuqoridagi jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilib, ularga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter