O‘zbekiston yoshlariga Turkiya universitetlarida bepul o‘qish imkoni taqdim etilmoqda
O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Turkiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun bu yil o‘tgan yillarga qaraganda ikki barobar ko‘p o‘rin ajratiladi. Bu haqda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
2020-yil grant dasturiga ariza qabul qilish joriy yil 10-yanvarda boshlangan bo‘lib, jarayon 20-fevralga qadar davom etadi.
Turkiya hukumati granti sovrindorlari nufuzli universitetlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida to‘liq bepul tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Grant g‘oliblari oylik stipendiya ham oladi. Turk tilini o‘rganish istagida bo‘lgan nomzodlar esa bir yillik kursda o‘qishi mumkin. Grant doirasida talabalar bir martalik aviachipta, turarjoy va tibbiy sug‘urta bilan ham ta’minlanadi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, arizalar faqat Turkiya hukumati grantlari rasmiy sayti orqaligina qabul qilinadi. Tegishli hujjatlarni sakkiz tilda (turk, arab, ingliz, fransuz, rus, ispan, fors va boshnoq) to‘ldirish mumkin.
Turkiya hukumati o‘tgan asrning 60-yillarida boshlab ikki tomonlama bitimlarga ko‘ra, muayyan davlatlar talabalariga grantlar ajrata boshlagan. 1992-yildan esa keng miqyosda grantlar taqdim etilmoqda. Hukumat grantlar dasturi 2012-yildan buyon “Türkiye Bursları” deb ataladi. Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) mazkur stipendiyalar dasturini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda Turkiyada dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan 170 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil ko‘rmoqda, ulardan 17 ming nafari hukumat stipendiyasi sovrindori sanaladi. Mazkur mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar esa 1000 kishini tashkil etadi, ulardan 150 nafari hukumat granti asosida tahsil olmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bir necha oy avval Toshkentda mehmon bo‘lgan Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) rahbari Abdulloh Eren Turkiya O‘zbekiston yoshlariga yanada ko‘proq grantlar ajratish niyatida ekanini bildirgan edi.
Sobir Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter